
Insoniyat qadimdan osmon va yulduzlarga qarab, ularga yetishish orzusida bo‘lgan. Qadimgi yunon va Rim afsonalarida osmonni zabt etgan qahramonlar haqida ko‘plab rivoyatlar bor.
Ammo bu orzular XX asrga kelib, ilmiy haqiqatga aylandi. Keling, insoniyatning Oyga chiqish tarixi, kim birinchi bo‘lib fazoga va Oyga borganini va nega ba’zi odamlar hanuzgacha «insoniyat oyga chiqmagan» deb o‘ylashlarini ko‘rib chiqamiz.
1609 yilda Galileo Galiley birinchi teleskop yordamida Oy sirtini kuzatgan. 1865 yilda fransuz yozuvchisi Jyul Vernning «Yer markazidan Oyga» kitobi Oyga sayohat g‘oyasini yanada mashhur qildi.
XX asrga kelib, ilmiy-texnik taraqqiyot bu g‘oyani haqiqatga aylantirishga imkon berdi.
AQSH va Sovet Ittifoqi 1960 yillarda kosmik poygada bellashayotgan edi. 1961 yilda Yuriy Gagarin birinchi bo‘lib koinotga chiqqach, AQSH bunga javob sifatida Oyga inson yuborishni maqsad qildi. Apollo dasturi aynan shu maqsadda boshlangan.
1969 yil 16 iyul kuni «Saturn V» raketasi uchirildi. 3 nafar astronavt: Nil Armstrong, Baz Oldrin va Maykl Kollins Oy tomon yo‘l oldi. 4 kundan so‘ng, Eagle moduli Oyga yetib bordi va 20 iyul kuni Armstrong va Oldrin Oy yuzasiga tushishdi.
Bu insoniyat tarixidagi eng katta ilmiy yutuqlardan biri edi. Lekin hamma ham bunga ishonmadi.Lekin bu Nil Armstrong aytganidek «odam uchun kichik qadam, lekin insoniyat uchun ulkan sakrash» bo‘ldi.
1969-1972 yillar oralig‘ida jami 12 nafar amerikalik astronavt Oyga chiqqan. Shundan keyin esa Oyga odam yuborish dasturi tugatildi.
Nega ba’zilar Oyga chiqilmagan deb o‘ylaydi?
Bugungi kunda ham ba’zi odamlar Oyga chiqish «soxta spektakl» bo‘lgan deb hisoblaydi. Bu fitna nazariyalari asosan quyidagi sabablar bilan izohlanadi: Fotosuratlardagi «g‘alati» tafsilotlar – Oyda tushirilgan suratlarda yulduzlar ko‘rinmasligi va bayroq hilpirayotgandek ko‘rinishi odamlarni shubhalantirgan.
NASA qayta oyga bormadi – So‘nggi 50 yilda Oyga hech kim yuborilmagan. Ba’zilar buning sababini «aslida hech kim, hech qachon Oyga bormagan» deb tushuntiradi. Ba’zilar «Oyga chiqish» film suratga olish pavilonida sahnalashtirilgan deb o‘ylashadi. Ammo bu fikrlar ilmiy asosga ega emas. Oyda yulduzlarning ko‘rinmasligi kameraning yorug‘lik sezgirligi bilan bog‘liq. Bayroq esa hilpirayotgandek ko‘rinadi, chunki u maxsus metall sim bilan mustahkamlangan. NASA Oyga qaytib bormaganining sababi esa, ulkan xarajat va texnologiyaning rivojlanish yo‘nalishining o‘zgarishidir.
Bundan tashqari, Oyda video yozuvlar olingan. Apollon 11 missiyasida astronavtlarning Oyga qo‘ngan tasvirlari jonli efirda uzatilgan. Biroq, NASA 2006 yilda ushbu videolar tasodifan boshqa video ustidan yozib yuborilganini e’lon qildi. Hozirda mavjud bo‘lgan videolar telekanallarning nusxalari asosida tiklangan. Ayrimlar bu hodisani shubha ostiga olib, Oyga chiqish sahnalashtirilgan deb da’vo qilishadi. Biroq, NASA va mustaqil agentliklar mavjud materiallar haqiqat ekanini tasdiqlagan. Bugungi kunda ushbu videolar qayta restavratsiya qilingan holda rasmiy manbalarda mavjud.
Endi Oyga chiqilganini isbotlovchi faktlarni keltiramiz.
Lazer reflektorlar
Astronavtlar Oyga lazer reflektorlarini o‘rnatishgan. Bugungi kunda ham olimlar ularga lazer signallarini yuborib, masofani o‘lchay olishadi.
Oy tuprog‘i va toshlari
Keltirilgan Oy toshlari dunyoning turli laboratoriyalarida o‘rganilgan va ular yerdagi tog‘ jinslaridan butunlay farq qiladi.
Orqada qolgan ashyolar
Apollon missiyalarida Oy yuzasida kameralar, bayroqlar va boshqa jihozlar qoldirilgan. Bugungi kunda ham kuchli teleskoplar ularni tasdiqlay oladi.
Xitoy va Hindistonning tasdiqlari
Xitoy va Hindiston tomonidan fazoga yuborilgan avtomatik zondlar Oy yuzasidagi izlarni tasdiqlagan.
Oyga chiqish insoniyat tarixidagi eng buyuk ilmiy muvaffaqiyatlardan biridir. Hozirgi vaqtda ham yangi missiyalar rejalashtirilmoqda. NASA 2026 yilda Artemis dasturi doirasida Oyga yana odam yuborishni rejalashtiryapti.
Shunday qilib, Oyga odam yuborish dastlab siyosiy va ilmiy yutuq sifatida amalga oshirilgan bo‘lsada, bugungi kunda Oyga qaytish rejalarida resurslarni qazib olish va uzoq muddatli kosmik ekspeditsiyalar uchun tayanch bazalar yaratish maqsad qilingan.
Siz qanday fikrdasiz? Insoniyat Oyga chiqganmi yoki bu tarixiy fitnami? Fikrlaringizni kommentlarda kutamiz!
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/_wG6mxU6dck" title="“Sirli olam”: INSONIYAT OYGA CHIQGANMI? ENG QIZIQ FAKTLAR VA FITNA NAZARIYALARI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Iroda Jo‘rayeva, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA