Sirdaryoda biznes va madaniyat bayrami
Sirdaryoda bugun o‘zgacha ruh, bayramona kayfiyat hukm surmoqda. Bir tarafda – xalqaro miqyosida yirik biznes forumi, ikkinchi tarafda – qovun sayli va etno-festival kabi milliy an’analar namoyishi. Shu ikki yo‘nalish uyg‘unlashib, viloyatda haqiqiy biznes va madaniyat bayrami muhitini yaratdi.
Forumga 20 dan ortiq mamlakatlardan 300 nafar xorijiy investor hamda yuzlab mahalliy tadbirkorlar tashrif buyurdi. Ularga Sirdaryoning iqtisodiy salohiyati, erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– “Sirdaryoda biznes qiling” forumi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi Litvadan kelgan investor Livaris Leitis. – Biz sut mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashganmiz. Bu yerda resurslar ham, imkoniyatlar ham katta.
[gallery-25136]
Forum doirasida Xitoy, Rossiya, Vengriya, Qozog‘iston va Tojikiston delegatsiyalari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qator istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi. Natijada qariyb 240 million dollar miqdorida 60 ta dastlabki kelishuv imzolandi. Yangiyer shahrida chiqindilarni qayta ishlashdan tortib, oltindan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, Guliston shahri markazida milliy an’analar va san’at bayrami bo‘lib o‘tdi. Turfa xil qovunlar, mahalliy hunarmandlar asarlari, etno-raqs va qo‘shiqlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Investorlar milliy taomlardan tatib ko‘rib, Sirdaryoning nafaqat iqtisodiy, balki madaniy salohiyatiga ham guvoh bo‘ldilar.
– Viloyatdagi qulay investitsiya muhiti va xalqning samimiy mehmondo‘stligi bizda katta taassurot qoldirdi, – dedi xitoylik investor Zond Shio Yu.
Asosiysi, kecha boshlangan forum izchil davom etmoqda. Yangi loyihalar taqdimotlari, hamkorlik imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlar nafaqat Sirdaryoning iqtisodiy salohiyatini oshiradi, balki uning madaniy jozibadorligini ham yanada kuchaytiradi. Bu jarayon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik, xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash siyosatiga uyg‘un tarzda rivojlanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri