"Sirdaryoda biznes qiling" forumi Gulistonda start oldi
Guliston shahridagi Hunarmandlar maskanida Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida «Sirdaryoda biznes qiling» xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda 20 ta davlatdan 300 nafar xorijiy investor, 200 dan ziyod mahalliy tadbirkor, shuningdek Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Vengriya va Tojikiston elchixonalari vakillari hamda 10 ta hamkor hududdan delegatsiyalar ishtirok etmoqda.

Forum avvalida viloyatning investitsiyaviy imkoniyatlarini yorituvchi videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng, tadbirni Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ochib, forum mamlakatimiz va viloyat taraqqiyotida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.


Forumda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, Tojikiston va Vengriya elchilari, Xitoy va Rossiyadan tashrif buyurgan rasmiylar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda savdo va investitsiya uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berishdi.

Tadbir doirasida hududning istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazilib, V2V va V2G formatda uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, mehmonlarning Guliston shahridagi «Qovun sayli»da ishtirok etishlari, viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalarni borib ko‘rishlari, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishishlari ko‘zda tutilgan.
Forum ertaga ham davom etadi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari