Shohimardonning osmono‘par archazorlari, uch tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan moviy ko‘llari, muzliklardan tomchilarga, undan irmoqlarga va keyin Oqdaryoga aylanib shopirib, ko‘pirib po‘rtanalar hosil qilib oqadigan, ikkinchi yondan esa tiniqligida, shirinligida tengi yo‘q moviy rang Ko‘kdaryo Shohimardonga kelgach ikkisi qo‘shilib ketadigan ertak misol manzaralarni ko‘rgani, giyohlar iforiga to‘yingan havosidan nafas olgani yuz minglab yurtimiz hamda xorijiy sayyohlar tashrif buyurishadi. Yaqin kunlarda ularning soni yanada ortishi muqarrar. Zero endi Shohimardonga havo kemalari orqali ham borish mumkin bo‘ladi. Bu haqida biz Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov bilan suhbatlashdik.
– Ma’lumki, Shohimardonga borish uchun O‘zbekiston – Qirg‘iziston, so‘ngra Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegaralaridan o‘tish lozim. Qaytishda ham huddi shunday. Aytingchi, sayyohlarga bu borada qanday qulayliklar yaratish mumkin?
– Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan ikki mamlakat chegaralaridagi o‘tish maskanlari kunu tu,n ya’ni 24 soat ishlaydigan bo‘ldi. Qolaversa, ID kartalarning joriy etilishi va ular O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegaralarida asosiy hujjat sifatida e’tirof etilishi yana bir katta qulaylik bo‘ldi. Natijada bir kunda Shohimardon yo‘nalishining o‘zida chegaradan 15 mingga yaqin yo‘lovchi o‘tmoqda. Agar 2024 yilda Shohimardonga jami 500 mingdan ziyod mahalliy va qirg‘iz fuqarolari o‘tgan bo‘lsa, 2025 yilning buguniga qadar ular soni sal kam 1 millionni tashkil etmoqda.

Olimlarning, masalan, akademik Akmal Saidovning ta’kidlashicha, So‘xda bundan 8-10 ming yil avval, ya’ni vodiyda eng dastlabki hayot paydo bo‘lgani, odamlar yashagani ilmiy jihatdan isbot qilingan. Buning sabablaridan biri So‘xning go‘zal tabiati, ma’danlarga boy daryosi va, albatta, toza havosi bilan bog‘liq, deydilar. Hozir ham shunday. So‘xga tabiat bilan yuzma-yuz bo‘lgani, uning shoshqaloq daryosi suvida pishgan olma-yu guruchlaridan totingani, nafas yo‘llarini davolovchi havosini to‘yib-to‘yib simirgani boradilar.
– Qariyb 2 yildan buyon So‘xga Farg‘onadan muntazam ravishda samolyot uchib bormoqda. Sayyoh va aholi bunga allaqachon ko‘nikkan hamda bu hizmatdan unumli foydalanmoqda. Aytingchi, shunday xizmat Farg‘ona va Shohimardon o‘rtasida ham tashkil qilinadimi?
– Bugun yuzlab Amerika va Avstraliyadan kelgan sayyohlarni So‘xga samolyotda olib bordik. Ularga So‘x tabiati, uning daryo-yu chashmasi yoqdi. Oldimizga katta niyat qo‘ygan edik: Farg‘onadan Shohimardonga ham uchoqlar uchirishni. Bugungi tadbirkorlar kechagi tadbirkor emas. Ularning o‘zlari shunday tashabbus bilan chiqishdi. Farg‘onadan Shohimardonga vertolyot qatnovini yo‘lga qo‘yishmoqchi. Hozir bu haqida hukumat darajasida rozilik ishorasi berildi. Ayni choqda vertolyotni Farg‘onaga olib kelish, Shohimardon va Yordon qishloqlarida vertolyot qo‘nadigan maydonchalar tashkil etish ishlari bilan shug‘ullanyapmiz. Tez kunlarda Farg‘onadan Shohimardonga qatnaydigan reyslar amalga oshiriladi. Va u yerdagi dam oluvchilar Shohimardondan Farg‘onaga olib kelinadi.

– Bugungi sayyohlarning ehtiyoji ham o‘sib boryapti va u rang-baranglikni talab qiladi. Bu borada qanday yangiliklarni ayta olasiz?
– Sayyohlikning turlari, darhaqiqat, kengayib boryapti. Endi sayyohlar piyoda, otlarda, transport vositalarida yurishdan tashqari osmondan Farg‘onani tomosha qilishmoqchi. Bu talabni amalga oshirishda yana tadbirkorlar tashabbusni qo‘lga olishdi. Ular viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida va yaqin yordami bilan yangi yo‘nalish – Farg‘ona viloyatini osmondan tomosha qilish xizmatini tashkil etdilar. Shu bugundan boshlab xorijiy va ichki sayyohlar, Farg‘onadagi xonadon oila a’zolari bunday xizmatdan bemalol foydalana oladilar. Buning uchun Farg‘onada joylashgan “Fly izi trevl” MCHJga murojaat qilishlari mumkin. Ular talabga ko‘ra Farg‘ona viloyatining barcha hududlari, jumladan, go‘zal go‘shalar bo‘lgan Shohimardon va So‘x ustidan ham parvozni amalga oshiradilar hamda sayyohlar vodiyning bepoyon shaharu qishloqlarini osmondan tomosha qila oladilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1oTl1IHBAAw" title="Shohimardonga vertolyot qatnovi yo`lga qo`yiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA