O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov "Afrosiyob" poyezdiga "Uztelecom" tomonidan o‘rnatilgan Wi-fi tizimi va uning imkoniyatlarini shaxsan o‘zi sinab ko‘rdi.
"Yaqinda Buxoroga poyezdda borib-kelishda e’tibor qilsam, hali ham ko‘pchilikni Uztelecom Wi-Fi xizmatlarini ishga tushirganidan xabari yo‘q ekan", – deb yozadi vazir o‘z sahifasida.
Raqamli texnologiyalar vaziri shaxsan tekshirib kelish niyatida Youtube da https://www.youtube.com/@magiya_znaniya kanalidagi foydali kitoblarni yaxshi tushuntirib bergan videolarni ko‘rib kelganini ma’lum qildi.
"Prezidentimiz doim o‘qish, ilm o‘rganish haqida ta’kidlab boradilar, hatto kechagi sport ob’ektlariga tashrif davomida ham juda ko‘p aynan o‘qishga va ilmga e’tibor qaratdilar. Ko‘pchilik ish ko‘p, o‘rganishga vaqt topish qiyin deb bahona qilishga o‘tadi, endi esa poyezddagi safarda ham bemalol foydali bilimlarni o‘rganib borsa bo‘ladi", deydi vazir.
Shuningdek, Sh.Shermatov transport vazirligiga poyezdlarni ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildirgan va kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlarning ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinishiga umid qilishini aytgan.
"Tez harakatlanadigan va metal ko‘p ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo bo‘ladi, shuning uchun ularni ichida tegishli qurilma o‘rnatilishi shart", deydi vazir.
O‘zA