
Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assamleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Nufuzli anjumanda 190 ga yaqin davlatdan 2 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida O‘zA muxbiri Belarus delegatsiyasi rahbari, Belarus Milliy Assambleyasi Vakillar palatasining xalqaro masalalar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi raisi, Parlament assambleyasining xalqaro ishlar, migratsiya siyosati va vatandoshlar bilan aloqalar bo‘yicha komissiyasi raisi Sergey Rachkov bilan suhbatlashdi.
– Birinchi navbatda, O‘zbekiston mana shunday nufuzli va juda keng qamrovli xalqaro anjumanga mezbonlik qilayotgani bilan tabriklayman.
Parlamentlararo ittifoqqa a’zo bo‘lgan 180 dan ortiq davlatdan vakillar Toshkentga kelib, muhim masalalarni muhokama qilmoqda. Bular oddiy masalalar emas, balki butun dunyoni tashvishga solayotgan global masalalardir.
Buning uchun barcha sharoitlar juda yuksak, aytish mumkinki, xalqaro darajada yaratilganini e’tirof etishimiz kerak. Tadbir o‘tayotgan Toshkent siti kongress xolning o‘zi zamonaviylik bilan birga katta qulayliklarni o‘z ichiga qamragan. Eng muhimi esa, baribir o‘zbek xalqidir. Samimiy va bag‘rikeng bu xalqning chehrasida doim tabassum bor. To‘g‘risi, o‘zbeklar va belaruslar juda o‘xshaydi.
Assambleya kun tartibi juda katta ekanini aytib o‘tish joiz. Doimiy komissiyalar ish olib bormoqda. Ertaga umumiy debatlar bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibidagi yig‘ilishlar doirasida ijtimoiy rivojlanish masalasi ishtirokchilar diqqat markazida turibdi. Bu, aslida, barcha odamlarni tashvishga solayotgan masalalardir. Zero, inson yaxshi, sifatliroq yashashni baribir istaydi. Bu esa, parlamentlar zimmasidagi vazifa. Chunki, qabul qilinayotgan qonunlar orqali shunga sharoit yaratiladi. Bu jarayonda parlament vakillari qonun qabul qilishda qanday omillardan foydalanishi juda muhim.
Assambleya doirasida terrorizmga qarshi kurashish, zo‘ravonlikka barham berish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bu bevosita BMT maqsad va rejalari bilan bog‘liq.
Aytib o‘tish kerakki, ekspertlar hamjamiyatida ittifoq kabi tashkilotlar kerakmi, degan savollar ham bor. Biz bunga, albatta, kerak deymiz. Zero, BMT nizomlarida ko‘rsatilgan vazifalar hamma mamlakatlar tomonidan bajarilmaslik holatlari mavjud. Agar bajarilsa ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqib bajarishi mumkin. Bizni, masalan, iqtisodiy masala qiziqtiradi. Bir tomonlama sanksiyalar qo‘llash holatlari uchrayotgani ayrim davlatlar iqtisodiga, ularning xalqi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Dunyo parlamentariylari vakillari shunday masalalar haqida fikr almashib, nizolarni bartaraf etishga ta’sir ko‘rsatishga intilayotgani diqqatga sazovor.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamorkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ikki davlat Prezidentlari o‘rtasida a’lo darajadagi munosabat o‘rnatilgan. Siyosat, xalq manfaatlarini ta’minlash kabi masalalarni hal qilishga qaratilgan islohotlar juda o‘xshash.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/KDkZxLnO9gs" title="Sergey Rachkov: Dunyo parlamentariylari nizolarni bartaraf etishga taʼsir koʻrsatishga intilayotgani" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy, investitsiya, gumanitar, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarda faol hamkorlik qilmoqda. Turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
E’tirof etib o‘tishim kerakki, nafaqat belaruslar O‘zbekistonga kelishini, balki siz ham biz tomonga borishingini xohlardim. To‘g‘risi, boy tarixi, madaniyati, tabiati tufayli bu yerga biznikilar juda ko‘p keladi. Bizda ham ajoyib tabiat, muzeylar bor. Ularni sizlar ham ko‘rishingiz kerak. Zotan, turizm odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Norgul Abduraimova,
Abror Sodiqov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA