Ikkinchi maqola

Yaqinda bir tanishimiz qiz uzatdi. Uzatdiyu qulog‘igacha qarzga botdi. Gap shundaki, qizga qo‘shib qo‘sha-qo‘sha mebel, gilam, parda, bir dunyo sarpo-suruq, yana allambalo asbob-uskunalaru oshxona jihozlarini yuboraman deb o‘zini ancha urintirdi.  

Kelinning kam-ko‘stsiz “yuki” kimlargadir duv-duv gap, yana kimlargadir orzu-havas, to‘y oldida turgan birovlarga esa “namuna” bo‘ldi. Qudalarning esa og‘zi qulog‘ida, ko‘ngillari quvonchda. Bir kamsiz qiz uzatish ilinjidagi xonadon esa bor-budini sarflab, yetmaganiga qarz ko‘tardi, kredit oldi. O‘rtamiyona oila uchun buncha qarz va kreditni qaytarishga qancha vaqt va kuch sarflanadi, Xudo biladi. Xullas, bugun birgina bu tanishim emas, ko‘pgina insonlar ana shunday ko‘rinishda qiz uzatishyapti va hoyu-havas yoki qudalarning “gapiga qolmaslik” vajidan qarzga botib qolishyapti.  

Birinchi maqolamizda (https://uza.uz/posts/702625) dabdabayu as’asaga to‘la to‘ylarimiz haqida to‘xtalgan edik. Bu safar kelin sarpo-suruqlari mavzusida biroz mulohaza yuritamiz.

Millatimiz orzu-havasli, farzandlarining yaxshi kunidan quvonuvchi, to‘y-bayramlarni sevuvchi xalq. Farzandi dunyoga kelganidan boshlab to‘ylar qilay, o‘g‘lim go‘shangalarga kuyov, qizim kelin bo‘lsin, deb niyat qiladi. Ammo ezgu orzu-havaslarimiz isrofgarchilikka, manmanlikka, ochko‘zlikka, kimo‘zarlik poygasiga aylanmasligi kerak.  

Bir paytlar momolarimiz ikki sidra kiyim-bosh bilan, o‘zlari tikkan kashtali dastro‘moliyu so‘zanasi bilan kuyovga uzatilgan. Ammo bugun ipidan ignasigacha qo‘sha-qo‘sha sarpolar, kiyim-kechak, nimadir texnikalar, idish-tovoqlar, mebellar bilan qiz uzatish, kuyovning bo‘shatib berilgan xonalarini to‘ldirish urfga aylandi. Yozligu qishlik qilib, qo‘sha-qo‘sha qilingan kiyim-kechaklar kiyilib ado bo‘lmaydi, hatto ayrimlari umuman kiyilmasdan sandiqlarda qolib ketadi. Ammo ortiqcha kiyim-kechakning ham uvoli borligini yodda saqlashimiz kerak.  

Yana sarpo-suruqlarning, mebelu gilamlarning hammasi “tozasi”dan, brenddagisidan bo‘lishi lozim. Bu ham alohida e’tibor qaratiladigan jihatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Agar oddiyroq, o‘zimizda ishlab chiqarilgan mebel yoki arzonroq narsa-buyum bo‘lsa, kelin naqd baloga qoladi. Yoxud yuzing-ko‘zing demasdan kuyov tomonidan qaytarib yuborish holatlari ham uchrayapti.  

Kelin sarpolari bir paytlardagidek oddiy sandiq yoki bug‘chalarda emas, balki bir-biridan bejirim maxsus sarpo qutilarida yuborilmoqda. Talab va xohishlar oshgani sabab sarpo qutilari ham biznes darajasiga ko‘tarilyapti. Sarpo qutilari bilan shug‘ullanadigan bir tadbirkorga qo‘ng‘iroq qilib, narx-navosi bilan qiziqdim. Uning aytishicha, bir to‘plamida asosan 12 ta sarpo qutisi bo‘lar ekan. Uni bir martalik prokat uchun 100 dollarga berishar ekan. Buyurtma asosida yasatib, sotib olish esa 500-800 dollargacha, talabga qarab undan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin ekan.  

Bir qarashda sarpolarning chiroyli qutilarda karvondek tizilib olib kelinishi ko‘zga yoqimli ko‘rinar, ko‘ngilga xush yoqar. Ammo aslida ortiqcha daxmaza, keraksiz sarf-xarajatlarning yangi qurilayotgan oila uchun umuman foydasi ham, ahamiyati ham yo‘q. Bu matohlar o‘zimizga o‘zimiz yaratayotgan tashvish, dabdaba va hoyu-havasdan boshqa narsa emas.    

Bugun qiz tomonning mol-dunyosiga, qilishi mumkin bo‘lgan sarposiga qarab kelin tanlaydiganlar ham uchraydi, afsuski. Bo‘lajak kelinning uddakorligi, pazandaligi, fahm-farosatliligi, uy-ro‘zg‘or yumushlariga uquvi qanday ekani kabilar ba’zan ikkinchi o‘ringa tushib qoladi.  

Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r, deganlaridek kelinining bir dunyo sepiyu narsa-buyumidan, tilla taqinchoqlaridan maqtanadigan, g‘ururlanib yuradigan toifa qaynonalar to‘ydan keyin uning uquvsizligidan yozg‘irib boshlaydi. Yoxud oila uchun arzon tushgan kelinning qadr-qimmati ham arzonga baholanib, arzimagan vaziyatlar tufayli ajrashib ketayotgan oilalar ham tez-tez uchrab qolmoqda. Shuning uchun qiz bolaga sep yig‘ish emas, balki uni vaqtida o‘qitish, kasb-hunarli qilish, dunyoni taniydigan, o‘z o‘rnini topa oladigan qilib tarbiyalash haqida qayg‘urish lozim.

Oila — muqaddas dargoh. Uning qadr-qimmati qimmmatbaho sarpo-suruq, tilla, narsa-buyum bilan o‘lchanmaydi. Oilani barpo etishda milliy, ma’naviy qadriyatlar, o‘ziga xoslikni, kamxarj-kamsuqumlikni, me’yorni unutib qo‘ymasligimiz kerak. Farzandlarimizni yoshligidan narsaparast, buyumparast qilib emas, balki dunyoviy va diniy bilimlar, kasb-hunarlar egasi qilib, ezgu amallarga oshno etib tarbiyalashimiz maqsadga muvofiqdir.  

Sarpo-suruqlarga ruju qo‘yayotgan, bir-biridan ko‘z olib, isrofgarchilikka yo‘l ochayotgan ayrim “orzumand” ayollarimiz esa hayotning o‘lchovi hamda mazmuni allaqanday matoh va buyumlar emas, balki o‘zaro mehr-oqibat, o‘g‘il-qizlarni turmushga munosib, oilaparvar va sadoqatli qilib tarbiyalash ekanini anglasalar, mustahkam oilalarimiz safi ko‘payib, ajrimlar kamaygan bo‘lar edi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sarpolari yarashgan”mi yoki qalashgan?