Hozirgi kunda sanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan. Bu jarayonda yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorijiy sarmoya va tajribaning jalb etilishi mahalliy korxonalar imkoniyatlarini kengaytiryapti. Shu bilan birga, qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilib, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi oshirilmoqda.
“Tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” DM hamda Xitoyning yirik sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchi “Sany Heavy Industry” kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv ham bu boradagi istiqbollarga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda maxsus texnika va uning uskunalarini mahalliylashtirish imkoniyatlari, qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, bu kabi tashabbuslar mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori texnologiyalarni joriy etish hamda ichki bozorni zamonaviy texnika bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mahalliylashtirish jarayonlari mamlakat iqtisodiyotida import o‘rnini bosish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi va sanoat sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar nafaqat sanoat sohasi, balki mamlakatning umumiy iqtisodiy taraqqiyotiga ham salmoqli hissa qo‘shishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA