
Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan O‘zbekiston Respublikasining 16 nafar voyaga yetmagan fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlari hamrohligida Vatanga qaytarildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Sankt-Peterburg va Moskvadagi O‘zbekiston Respublikasi konsullik idoralari bolalarni davlatimiz fuqarosi sifatida identifikatsiya qilish va ularga qaytish sertifikatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rdi.
Hozirda bolalar vaqtincha Toshkent shahar IIBB qoshidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Markazda ularni ota-onalari va yaqin qarindoshlari "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan oldindan tayyorlangan vasiylik hujjatlari bilan kutib olishdi. Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ularning keyingi yashash joylarida ham davom ettiriladi.
Olib kelingan 16 nafar bolaning 11 nafari ota-onalariga, qolganlari esa vasiylik asosida qarindoshlariga topshirildi.
Xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA