
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ilmiy-tadqiqot va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Deputatlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va NNT vakillari ishtirok etgan tadbirda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida ilmiy tahlil va tadqiqotlarni qonunchilik jarayoniga integratsiya qilish, me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish va qonun qabul qilishda ilmiy-tadqiqot va ekspertlik tashkilotlari ishtirokini kengaytirish, o‘zaro ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali aholini yangi qonunlar mazmun-mohiyatidan xabardor qilib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni amalga oshirishga kelishib oldilar:
– qonun loyihasini ishlab chiqish va muhokama qilish, nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazishga Qo‘mita taklifi bilan Markaz vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish va takliflarini olish;
– qonun loyihasini ishchi guruh yig‘ilishlarida Markaz vakillari ishtirokida muhokama qilish;
– Qo‘mita taklifi bilan qonunlar va loyihalarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish jarayoniga Markaz vakillarini belgilangan tartibda jalb etish;
– qonun ijodkorligi sohasida xorijiy mamlakatlar, xususan SHHT davlatlari tajribasini o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilish;

– tahlil va tadqiqot natijasi asosida uslubiy, ilmiy va tahliliy materiallarni birgalikda tayyorlash;
– o‘zaro manfaatli va dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda konferensiya, seminar-trening, davra suhbati va boshqa tadbirlar tashkil etish.
Tomonlar mazkur shartnomada nazarda tutilgan sheriklik doirasida muntazam ravishda ishchi uchrashuv o‘tkazish hamda zarur maslahatlashuv amalga oshirish, Xalq diplomatiyasining muhim omili sifatida parlament diplomatiyasi, SHHT davlatlari qonunchilik idoralari bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldilar.
Ushbu hujjat ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish, qonunchilik tashabbuslari mazmun-mohiyatidan aholini xabardor qilib borish tizimini takomillashtirish va o‘zaro tajriba almashishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA