“Qo‘qon” EIZda 100 million dollarlik kafel ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi
FOTOREPORTAJ
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi “Yong Xin” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi rasman ishga tushirilib, kafel mahsulotlari sotuvi boshlandi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, investorlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Hokim mazkur yirik loyihaning ishga tushirilishini mustaqilligimizning 34 yilligiga munosib tuhfa ekanini ta’kidladi.
Xitoy investitsiyasi hisobiga qurilgan korxona umumiy qiymati 100 million dollar bo‘lib, hozirgacha 70 million dollar sarmoya kiritildi. Bu orqali 700 ta doimiy ish o‘rni yaratildi, kelgusida bu raqam 1000 taga yetkaziladi. Korxonada eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Allaqachon Qirg‘izistonga 850 ming dollarlik mahsulot eksport qilingani, kelgusida eksport hajmi yanada oshishi qayd etildi.
[gallery-25064]
Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, investorlar bilan hamkorlik va quvvatni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA