
Xabar berilganidek, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Prezident Sadir Japarov ta’kidlashicha, ushbu hujjat qabul qilinishi bilan Markaziy Osiyoda abadiy tinchlik o‘rnatildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘zaro vizasiz rejim joriy etish jarayonini boshlash, boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar uchun esa mintaqaning barcha mamlakatlari bo‘ylab erkin sayohat qilish imkonini beradigan yagona viza yaratishni taklif qildi.
— 13 mart kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 101 yildan buyon hal bo‘lmagan chegara masalasi nihoyat bartaraf etildi, — dedi Qirg‘iziston rahbari. — Bu nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo uchun katta voqea. Hozir mintaqadagi barcha davlatlar o‘zaro chegara masalasini to‘liq hal qilgan, deb hisoblash mumkin.
“Kazinform” nashri yozishicha, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida shartnoma imzolashi kutilyapti.