
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasiga qo‘shilishi, biroq sulh mazmuniga oid «savollar» saqlanib qolayotganini bildirdi. BBC shunday yozgan.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Putinning rejaga javobini «manipulyatsiya» deya baholadi va RFga qarshi sanksiyani kuchaytirishga chaqirdi.
O‘z navbatida AQSH Rossiyaning neft, gaz va bank sektoriga nisbatan qo‘shimcha sanksiya kiritdi.
Moskvada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga quyidagicha izoh berdi:
– G‘oya to‘g‘ri, biz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaymiz. Muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor. O‘t ochishni to‘xtatish barqaror tinchlikka olib kelishi va inqirozning asosiy sababini ochib berishi zarur. Amerikalik hamkasblar va hamkorlar bilan muzokara olib borishimiz kerak.
Balki, Trampga qo‘ng‘iroq qilarman. Ukraina tomoni uchun 30 kunlik tinchlikka erishish yaxshi. Biz buning tarafdorimiz, ammo ba’zi tushunarsiz jihatlar bor. RF yetakchisi ta’kidlashicha, munozarali masalalardan biri – Kursk viloyati. Rossiya mazkur hudud ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan, Ukraina qo‘shini ihotalangan.
– Ular ketishga harakat qilyapti, lekin vaziyat nazoratimizda, – degan u. – Ukraina aslahalari ham bizning qo‘limizda. Kurskdagi ukrainaliklar uchun ikki yo‘l bor – taslim bo‘lish yoki jon taslim qilish.
Putin o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi qanday ishlashiga oid ba’zi masalalarga ham to‘xtalgan:
–30 kundan qanday foydalaniladi? Ukrainani qaytadan safarbar qilish, qayta qurollantirish uchunmi? Maqsad odamlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishmi? Kim jangni tugatish buyrug‘ini beradi? Nima evaziga? 2000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tish imkonini bergan sulhni kim buzdi? Bu savollar har ikki tomon puxta ishlashini taqozo qiladi.
Zelenskiy ham tungi video murojaatida mavzuga oid fikr bildirdi:
– Putin to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q demaydi, lekin amalda taklifni rad etishga tayyorlanmoqda. Shubhasiz, u Trampga urushni davom ettirmoqchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishdan qo‘rqadi. Rossiya rahbari shunchalik ko‘p shart qo‘yadiki, natijada hech narsa amalga oshmaydi.
Putin va Zelenskiy bayonotidan so‘ng ikki tomonning vaziyatga yondashuvi bir-biriga zid ekani ma’lum bo‘ldi.
Ukraina ikki bosqichli jarayonni istaydi: tezda o‘t ochishni to‘xtatish va keyinroq uzoq muddatli kelishuvga erishish. RF esa barcha masala birdan hal qilinishi tarafdori.
Rossiya hozirda Ukraina hududining taxminan 20 foizini nazorat qilmoqda.
«G7 a’zolari Rossiyani teng shartlar asosida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga va uni to‘liq bajarishga da’vat etmoqda. «Katta yettilik» davlatlari, shuningdek, Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik choralarini ta’minlash zarurligini alohida qayd etmoqda», — deb yozadi Reuters. Shuningdek, davlatlar Kreml teng shartlar asosida sulhga rozi bo‘lmasa, sanksiyalar kiritilishini ma’lum qilgan.
Rossiya – Belarus: xavfsizlik kafolati shartnomasi kuchga kirdi
Prezident Aleksandr Lukashenkoning Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya va Belarus o‘rtasida Ittifoq davlati hududida xavfsizlik kafolati to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatda ikki davlat xavfsizligiga tahdid paydo bo‘lganda zarur chora-tadbirlar amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kafolat mustahkamlangan.
Majburiyatni bajarish xavfsizlikka hujumning oldini olish uchun boshqa davlatlar va xalqaro huquq doirasidagi boshqa sub’ektlar bilan munosabati imkoniyatidan foydalanish, nafaqat sodir etilgan, balki amalga oshirilishi tahdidi yuzaga kelgan bosqinchilik harakatiga nisbatan javob choralarini ko‘rish, shuningdek muayyan vaziyatda zudlik bilan zarur harbiy, harbiy-texnik va boshqa shaklda yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.
BelTA davlat axborot agentligi yetakchilar qo‘shma bayonotidan quyidagi iqtibosni keltirgan:
– Tomonlar Ittifoq davlatining umumiy mudofaa maydoni doirasida Belarus va Rossiya xavfsizligini mustahkamlash maqsadida zamonaviy chaqiriq hamda tahdidlarga samarali javob berish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettiradi.
Nashr ta’kidlashicha, kelishuv ko‘zda tutadigan keng qamrovli hamkorlik mavjud harbiy-siyosiy muammolarga mos keladi.
Rossiya va Ukrainaning urush nuqtalari
RF harbiylari Ukraina kuchlari tomonidan egallab olingan Kursk viloyatidagi muhim shahar Suja qayta olinganini ma’lum qildi. Avvalroq Kreml bu Ukrainani chegara orqali kirib kelingan hududdan chiqarish amaliyoti yakuniy bosqichi ekanini aytgandi.
Putin chorshanba kuni kutilmaganda Kurskka borgan edi. Ukraina armiyasi rahbari Aleksandr Sыrskiy ham qo‘shinning bir qismi Kurskdan olib chiqilayotganini tasdiqladi.
Ayni voqea AQSH rasmiylari Ukraina bilan 30 kunlik sulh bitimini muhokama qilish uchun Rossiyaga jo‘nab ketayotgan payt sodir bo‘ldi. Prezident Vladimir Zelenskiy mamlakat sheriklar bilan tinchlik yo‘lida «iloji boricha tezroq» ishlashga «qat’iy tayyorligi»ni bildirgan.
Zelenskiy Kursk operatsiyasi o‘z vazifasini bajarganini aytgan jurnalistlarga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumi natijasida Rossiya armiyasi o‘z kuchlarining bir qismini Xarkov, Sumi va Pokrovsk yo‘nalishlaridan olib chiqib ketgan va bu reja bajarilgan.
Bundan oldin Putin Trampning Ukraina askarlari qurshovda qolgani, ularni qutqarish haqidagi iltimosi bilan tanishib chiqqani, ukrainaliklar qurollarini tashlab, taslim bo‘lishsa ularning xavfsizligi kafolatlanishini aytgan edi. Kiyev bunday ma’lumotlarni rad etdi.
Tinchlikka erishish uchun kurash ketayotgan bir paytda jang maydonida ham to‘qnashuvlar avj olgan. Ushbu hafta Kiyev Moskvaga bir necha marotaba dronlar orqali hujum qildi. Hafta boshida poytaxt meri Sergey Sobyaninning 69 ta Ukraina droni urib tushirilganini aytdi. Dronlarning qoldiqlari turar joy binolarining ustiga qulagan. Mamlakatdagi qator aeroportlarga cheklovlar kiritilgan edi.
AQSH Ukrainaga harbiy yordamni qayta tikladi
Hafta o‘rtasida Saudiya Arabistoni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Ukraina va AQSH delegatsiyalari uchrashuvidan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumotini almashish bo‘yicha cheklovni darhol bekor qilgan va Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni davom ettiradi. Bu haqda «Politico» nashri yozgan.
Shundan so‘ng Ukraina 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tartibini joriy etishga rozi bo‘lgan. Aynan Jiddadagi uchrashuvdan keyin Ukrainaga qurol yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yildi.
Davlat kotibi Marko Rubio muzokara mezbonligi uchun Saudiyaga minnatdorlik bildirib, endi RF AQSH va Ukraina tomonidan kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish shartini qabul qilishi, urushni batamom tugatadigan «haqiqiy muzokara»ga o‘tishi kerakligini aytgan edi.
Hafta oxiriga kelib, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff Moskvaga kelgan. Video yozib olinayotgan vaqtda tafsilotlar ochiqlanmagan edi.
«Yadroviy uchlik» suhbatlashdi
14 mart kuni Xitoy, Eron va Rossiya Pekinda bo‘lib o‘tgan Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaradan so‘ng «Bosim va tahdidlarga qarshi diplomatiyani yo‘lga qo‘yish, har qanday noqonuniy, bir yoqlama sanksiyalarni to‘xtatish»ga kelishib oldi, deb xabar berdi CNN.
Uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari uchrashuvi AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan faqat murosa yoki harbiy yo‘l orqali kelishish mumkinligini aytganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.
– Tomonlar mavjud vaziyatning asosiy sababini aniqlash, sanksiya bosimi va kuch ishlatish tahdididan voz kechish majburiyatini olishi kerak, – dedi XXR TIV rahbarining ijrochi o‘rinbosari Ma Chjaoxu.
Qayd etish joiz, Chin rasmiylari bir necha bor AQSHning Eronga nisbatan sanksiyasiga qarshi chiqqan. Tramp ma’muriyati tomonidan qo‘llanayotgan, ushbu Islom davlatini yadroviy qurol ishlab chiqarishdan qaytarishga qaratilgan «kuchli bosim» kompaniyasini tanqid qilgan.
Yaman Isroilga tegishli kemalar harakatini chekladi
Yaman Qurolli kuchlari Qizil dengiz, Arab dengizi, Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi va Adan ko‘rfazida Isroilga qarashli har qanday kema harakati taqiqlanishini e’lon qildi.
«IRNA News» yozishicha, ushbu chora orqali Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash va G‘azodagi qamalni tugatish maqsad qilingan.
Avvalroq Yamanning Ansorulloh harakati xalqaro vositachilar – AQSH, Qatar va Misrni sektorga yordam yetkazib berishni qayta tiklashga undash uchun to‘rt kunlik muddat belgilagan. Aks holda Isroil rejimiga qarshi dengiz amaliyoti qayta boshlanishi aytilgan edi.
Isroil tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid holda Falastin hududiga yetkazilayotgan yordam yo‘li to‘sib qo‘yilishidan o‘n kun o‘tgach, HAMAS G‘azoda yaqinlashib kelayotgan ocharchilikdan ogohlantirdi.
«IRNA News» yozishicha, ko‘mak o‘tish joylari yopilishi va zaruriy ta’minot cheklanishi sektordagi ikki milliondan ziyod falastinlikning azob-uqubatini yanada kuchaytirgan. Natijada oziq-ovqat narxi ko‘tarilib, tibbiy buyumlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Harakat qamal qilish xalqaro gumanitar huquq va Jeneva konvensiyasi buzilishi ekanini ta’kidlab, yuzaga kelgan vaziyatni urush jinoyati va tinch aholiga qarshi jamoaviy jazo turi sifatida baholadi. Shuningdek, yordam oqimidan siyosiy vosita sifatida foydalanilishini qoralab, bu usul Falastin xalqining qonuniy huquq uchun kurashdagi qat’iyatini zaiflashtira olmasligini ta’kidladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_2Gj-XHK9xA?si=0f662Ji8ddmNqQv0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sardorbek Poyonov, Doniyor Yoqubov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA.