Munosabat
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan tarixiy anjuman — Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi dunyo parlamentariylarini yurtimizda jam bo‘lib, muhim masalalarni muhokama qilish va muayyan kelishuvlarga erishishlarida siyosiy muloqot maydoniga aylandi. Sammitda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, bugunga kunda o‘ta dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surgani mahalliy va xorijiy ekspertlar, parlamentariylar tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham o‘z munosabatini bayon qildi:

— Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasining Toshkentda o‘tkazilgani Yangi O‘zbekistonning siyosiy islohotlari natijalarining yana bir xalqaro e’tirofi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Bu ayni paytda yangi parlamentga bo‘lgan munosabat, parlamentning samarali faoliyat nuqtai nazaridan tubdan o‘zgargani, partiyalarga bo‘lgan qarashlar va jamiyatdagi siyosiy hamda parlament tafakkurining shakllanishi, qolaversa, Prezident saylovlarining xalqimiz xohish va istagi asosida o‘tgani, eng asosiysi esa Bosh Qomusimizning tom ma’noda ochiq-shaffof, insonparvar jamiyat nuqtai nazaridan yangilangani kabi holatlar poytaxtimizning ana shunday nufuzli anjumanga mezbonlik qilishiga asos bo‘ldi.
Shu o‘rinda Toshkent sammitida ishtirok etgan 140 dan ortiq davlatning 2 mingga yaqin deputatlariga yo‘llangan Prezident murojaati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining ovozidek yangraganini aytish joiz. Shuning uchun ham Prezidentning dunyo tinchligini o‘g‘irlayotgan global muammolar haqidagi fikrlarini millionlab fuqaro qo‘llab-quvvatlamoqdalar.
Tahlilchilarning fikricha, bugun dunyoning 100 dan ziyod hududida harbiy nizolar davom etyapti. Shu bois ham tarixiy murojaatda ming-minglab oilalarga ayriliq dardini olib kirgan nizoli holatlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, Ukraina inqirozi Prezidentning fikricha, BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi kerak.
Murojaatda yana bir og‘riqli nuqta — Falastin inqirozi uchun yagona yechim "ikki xalq uchun — ikki davlat" tamoyili bo‘lishi shartligi bildirildi. Shuningdek, jafokash Afg‘oniston xalqini ham o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik kerakligiga ham e’tibor qaratilganini tahlilchilar alohida e’tirof etmoqdalar.
Qayta tiklanadigan energiyaga ustuvorlik berish, "yashil" texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish — kelajak avlodlar oldidagi majburiyatimizga aylanishi kerakligi bilan bog‘liq tashabbus esa kelajak haqidagi g‘amxo‘rlik belgisidek yangradi, deyish mumkin.
Prezident, shuningdek, sun’iy intellekt sohasida butun dunyoda o‘yin qoidalari bir xil bo‘lishi lozimligini ta’kidladiki, bu ushbu masalaning nihoyatda nozikligi bilan bog‘liqdir.
Davlat rahbari Parlamentlararo Ittifoq tizimida Yoshlar parlamentlarining global platformasi kerakligiga ham bejiz e’tibor qaratgani yo‘q, albatta. Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonning ana shunday taklif va qat’iy talablarini dunyo eshitib, o‘zi uchun xulosalar chiqarishi oddiy holga aylanyapti.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley sammitining Toshkentda o‘tkazilishi zamirida aslida O‘zbekistonga, qolaversa, o‘z qo‘shnilari bilan birlik va birodarlik rishtalarini qayta tiklagan Markaziy Osiyo mintaqasiga bo‘lgan ishonch yotibdi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.