Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo - Rossiya” sammitidagi nutqi haqida Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova munosabat bildirdi:
– Mazkur sammit mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini belgilab berdi. Davlatimiz rahbari juda aniq va amaliy takliflarni ilgari surdi, ayniqsa, iqtisodiy va energetik yo‘nalishlardagi tashabbuslar strategik ahamiyatga ega.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun dunyo bozorlaridagi noaniqlik va tashqi ta’sirlar sharoitida ham O‘zbekiston, Rossiya va mintaqadagi davlatlar o‘zaro tovar aylanmasini 15 foizga oshirishga erishdi. Bu juda muhim ko‘rsatkich. Chunki bu raqam ortida minglab ish o‘rinlari, yangidan ochilayotgan korxonalar va xalqimiz farovonligi yotadi.

Shavkat Mirziyoyevning mahsulot ayirboshlash hajmini oshirish, ya’ni o‘zaro bozorlarga kirishni yengillashtirish va jarayonlarni soddalashtirish haqidagi taklifi – mintaqa iqtisodiyotining barqaror o‘sishi uchun muhim mexanizm bo‘ladi. Bu orqali tadbirkorlarimiz tovar va xizmatlarini erkin va tezkor eksport qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Alohida ta’kidlash joizki, “Markaziy Osiyo - Rossiya agroekspress” loyihasi – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tez va samarali yetkazib berishni ta’minlaydigan zamonaviy transport zanjiri hisoblanadi. Bu nafaqat savdoni rivojlantiradi, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega.
Prezidentimiz nutqidagi yana bir muhim yo‘nalish – energetika sohasi bo‘ldi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Rossiya bilan energetikadagi hamkorlik mintaqa tinchligi va barqarorligi uchun asosiy omil bo‘ladi.
Ayniqsa, yaqin kunlarda start oladigan atom elektr stansiyasi qurilishi va yadro tibbiyoti markazi loyihasi – bu tarixiy qadam. Ushbu loyihalar nafaqat energetik quvvatlarni oshiradi, balki yuqori texnologiya va ilm sohasidagi hamkorlikni ham kuchaytiradi.
Prezidentimiz taklif etgan Atom energetikasi bo‘yicha Mintaqaviy kompetensiyalar markazi – bu kelajak uchun investitsiya. Bu yerda nafaqat mutaxassislar tayyorlanadi, balki ilmiy-tadqiqot va innovatsiya sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali bazasida kadrlar tayyorlash dasturini joriy etish – uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlaydigan amaliy qadam.
Bugungi kunda dunyodagi eng muhim yo‘nalishlardan biri — energiyani tejash va qayta tiklanuvchi manbalarni rivojlantirish. Prezidentimiz ilgari surgan “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu dastur ilg‘or bilim va texnologiyalar transferi, qo‘shma loyihalar va energiya tejaydigan yechimlarni joriy etishni ko‘zda tutadi.
Shu orqali mintaqamizda energetika tizimi modernizatsiya qilinadi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi va aholi uchun barqaror elektr ta’minoti kafolatlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning sammitdagi nutqi – faqat siyosiy bayonot emas, balki amaliy hamkorlik strategiyasi. Ushbu tashabbuslar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki ilm, texnologiya va barqaror taraqqiyotning yangi bosqichiga yo‘l ochadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA