
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Safimizdagi yoshlar” loyihasi doirasida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetidagi partiya faollari va iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilgan sharoitlarga to‘xtaldi. Shuningdek, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda partiya tashkilotlari va deputatlarning vazifalari, partiyaning yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shahzoda Ibragimovaga O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining tabrigi o‘qib eshittirildi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining a’zolik guvohnomasi topshirildi.
Shahzoda Ibragimova sport yo‘nalishida badiiy gimnastika turi bilan 2011 yildan beri shug‘ullanib kelmoqda. 2019 yildan O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi, xalqaro sport ustasi, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi hisoblanadi.

Uchrashuvda bir qator yoshlar o‘z tengdoshlariga o‘zlarining faoliyati, IT sohasidagi hamda startap va innovatsion loyihalari haqida so‘zlab berdi. Qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashib, o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.
Tadbir yakunida partiya safiga yangidan qabul qilingan bir qator yoshlarga a’zolik guvohnomalar va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri