
Shu kunlarda butun dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratilgan. 2025 yil 5 aprel kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi o‘z ishini boshladi.
Unda mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegat, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
E’tirof etish kerakki, parlamentlar bilan bog‘liq bunday keng ko‘lamli nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba mintaqamizda o‘tkazilmoqda.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan bu nufuzli anjuman jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning jahon siyosati markazlaridan biri sifatida e’tirof etilayotganini ham tasdiqlashini qayd etdi.
“Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda kambag‘allikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuzivlikni qo‘llab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘lmoqda.
[gallery-22697]
Assambleya ishida ishtirok etayotgan Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson nufuzli anjumanga mezbonlik qilayotgan O‘zbekiston rahbariyatiga, Senatiga chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Bizning bu yerga tashrifimiz, albatta, O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmatimiz va bu yerda olib borilayotgan jarayonlarga katta e’tibor qaratayotganimizni ko‘rsatadi, - dedi T.Ekson. – Shu bilan birga, O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoq tamoyillarini – diplomatiya, demokratiya va boshqa sohalarda faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biridir. Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni e’tirof etamiz va mamlakatning qanday taraqqiy etganini ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston Prezidentining quyi va yuqori palatalarda ayollar sonini ko‘paytirish yo‘lida ko‘rsatgan harakatlarini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Umumiy hisobda, O‘zbekiston parlamentida ayollar soni 37 foizdan oshdi. Bu esa, hozirda jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkich (26 foiz)dan ancha yuqori. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning bu yo‘nalishda katta yutuqlarga erishganini bildiradi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong Toshkent – parlament diplomatiyasining poytaxtiga aylanganini e’tirof etdi. Bu yig‘ilish global hamjamiyat duch kelayotgan muammolar, ziddiyatlar va nizolarni muloqot orqali hal qilish mumkinligini ko‘rsatuvchi namunaga aylanishiga ishonch bildirdi.
Assambleya birinchi ish kunida uchrashuvlar, samarali muloqotlar tashkil etildi. Kun davomida Ayol parlamentariylar byurosi majlisi, Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Assambleyaning tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi.
Xalqaro tadbirning ikkinchi ish kunida Assambleya boshqaruv qo‘mitasi, Boshqaruv kengashi, Sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahat guruhi majlislari o‘tkazildi. Tinchlik va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita, Barqaror rivojlanish bo‘yicha doimiy qo‘mitalarda rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi. Yosh parlamentariylar forumi kengashi, Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi yig‘ilishi tashkil etildi.
“Parlamentning ijtimoiy rivojlanish va adolat yo‘lidagi sa’y-harakatlari” mavzusidagi umumiy munozaralari boshlandi.
Assambleyaning ikkinchi ish kunida Boshqaruv kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unga Parlamentlararo Ittifoqning Prezidenti Tuliya Ekson raislik qildi.
150-yubiley assambleya Prezidenti lavozimiga Oliy Majlis Senati Raisi nomzodi ilgari surildi hamda kengash a’zolari bir ovozdan Tanzila Norboyevani Assambleya Prezidenti etib sayladi.
Assambleyaning uchinchi ish kunida umumiy debatlar davom ettirildi. Assambleya ishida muhim voqelik – tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va nutq so‘zladi.
BMT ishlari bo‘yicha doimiy qo‘mita byurosi sessiyasi o‘tkazildi. Tinchlik va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqdi.
Fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha ishchi guruh, Demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita, Parlament a’zolarining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi sessiyalari o‘tkazildi.
Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi yig‘ilishi tashkil etildi. Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ishchi guruh sessiyasi o‘tkazildi.
Assambleya o‘z ishini 2025 yil 9 aprelga qadar davom ettiradi. Tadbir yakunida jahon parlament harakatining o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan hujjat qabul qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Parlamentlararo Ittifoqning rezolyutsiyalari qabul qilinadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA muxbiri