
Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoq 150-assambleyasi ish boshlagani haqida xabar bergan edik. Assambleya doirasida muhim uchrashuvlar, samarali muloqotlar tashkil etildi. Kun davomida Ayol parlamentariylar byurosi majlisi, Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Assambleyaning tantanali ochilish marosimi “Toshkent siti kongress xoll”da 19.00.da boshlandi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat madhiyasi, Parlamentlararo ittifoq madhiyasi yangradi. Tantanali tadbirda assambleyada ishtirok etayotgan 190 ga yaqin davlatdan kelgan 2 mingga yaqin delegat, xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Parlamentlararo ittifoq Prezidenti T.Ekson, Bosh kotibi M.Chungong so‘zga chiqdi.
Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi nafaqat o‘zining tarixiyligi, balki butun mazmun-mohiyati bilan jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, mamlakatlar barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim sharti bo‘lgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli ekani e’tirof etildi.
[gallery-22673]
“Parijdan Toshkentga qadar: Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasini nishonlash” videoroligi taqdimoti o‘tkazildi.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tazilayotgan Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishish, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 90 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar tashkil etiladi.
– Bugun jahon siyosiy maydonida o‘zining mustahkam o‘rni, obro‘si va o‘z so‘ziga ega bo‘lgan Parlamentlararo ittifoq parlament diplomatiyasini rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish kabi muhim yo‘nalishlarda faol ish olib bormoqda, - dedi O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva. – Tashkilot milliy qonunchilik organlarining ilg‘or tajriba va amaliyotlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha parlamentlar uchun umumiy strategiyalarni ishlab chiqishda ko‘maklashib kelmoqda. Ayniqsa, geosiyosiy vaziyat tobora taranglashib borayotgan bir davrda Parlamentlararo ittifoq dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, nizolarni hal etish, xalqaro huquq va tinchlikparvar siyosatni rivojlantirish borasida parlamentlar rolini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Mojarolar hududida inson huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonliklarning oldini olish va jabrlanganlarga gumanitar yordamning ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Siyosatda gender tenglikni ta’minlash – Ittifoq faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Qonunchilik faoliyatida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tavsiya etilayotgan samarali mexanizmlar milliy parlamentlarda ayollar soni yil sayin ortib borishiga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida islohotlar izchillik bilan davom etmoqda, taraqqiyotning hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yildi. Milliy parlamentning ushbu jarayonlarda muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi roli, vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston parlamenti xalqaro parlament mexanizmlariga faol ravishda integratsiyalashib bormoqda.
Tantanali tadbirdan keyin Assambleya ishtirokchilari uchun Oliy Majlis nomidan rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/1bZBRerEAxI?si=J0ccbYq-FPfeVEyc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
Nishon Abduvoitov (video), O‘zA