
Bu bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfo‘za Ro‘zmetova ma’lumot berdi.
2023 yil 27 dekabrda Prezident qaroriga muvofiq, "Inson" markazi tomonidan "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimi orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reestri yuritilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur qarorga asosan, 2024 yil 1 maydan boshlab ushbu reestrga kiritilgan fuqarolarga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida — 648 ming so‘m miqdorida moddiy yordam tayinlanadi.
Ushbu mablag‘ uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari, va shaxsiy gigiyena vositalari xarajatlarini qoplash uchun beriladi.
Moddiy yordam reestrdagi ma’lumotlar asosida avtomatik ravishda tayinlanadi yoki to‘xtatiladi. To‘lov qaydnomalari esa har oyning 3-sanasiga qadar shakllantiriladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yanvar oyida – 7 ming 322 nafar, fevral oyida – 7 ming 386 nafar, mart oyida esa 7 ming 549 nafar fuqaroga ushbu yordam pullari yetkazilgan.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi sanatoriylarda 2025 yilning yanvar–mart oylarida yo‘llanma asosida 13 ming 600 nafar fuqaro sog‘lomlashtirildi (bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir).
Sog‘lomlashtirilganlar tarkibi:
— I va II guruh nogironligi bo‘lganlar – 7,7 ming nafar (56,6%);
— yoshga doir pensiya oluvchilar – 5,3 ming nafar (39,2%);
— o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar – 311 nafar (2,3%);
— boshqa toifadagi fuqarolar – 262 nafar (1,9%).
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfo‘za Ro‘zmetovaning ta’kidlashicha, sanatoriy yo‘llanmalari navbat asosida quyidagi tartibda taqdim etiladi:
Har yili navbat asosida: urush nogironlariga, respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilarga, Chernobil AES halokati oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslarga, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya ob’ektlarida xizmat qilgan pensiya yoshidagi fuqarolarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarga.
Ikki yilda bir marta: urush qatnashchilariga, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning nikohdan o‘tmagan bevalariga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolarga.
Uch yilda bir marta: yoshga doir pensiya oluvchilarga.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA