O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2025 yil yakuni bilan 43 mlrd dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va o‘tgan yilga nisbatan 1.2 barobardan ortiq o‘sishga erishildi. Albatta bu yurtimizda investitsion to‘g‘ri siyosat olib borilganining yaqqol ifodasi. Muhimi investorlar uchun keyingi yillarda bir qator qulayliklar ham yaratib berildiki, bu omil shaffof tizim yaratilishiga asos bo‘ldi. Shu va sohadagi yangiliklar, yil sarhisobi va kelgusidagi rejalar xususida Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mels Ochilov bilan suhbatlashdik.
- Aytinchi bu yilgi investitsiyalar qaysi sohalarda ko‘proq bo‘ldi?
- Xorijiy investitsiyalar yuqori o‘sish sur’atlari tarmoqlardan asosan tog‘-kon sanoati (o‘tgan yilga nisbatan 449 mln dollarga ko‘p), suv ta’minoti (+274 mln), avtoyo‘l qurilishi (+73 mln), farmatsevtika (+67 mln dollar) tarmoqlarida ta’minlandi.
- Xorijiy va mahalliy investitsiyalarning iqtisodiyot rivojiga ulushi qanday bo‘ldi va uning asosiy omillari nimada?
- Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yaratilgan investitsion muhit, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, joylarda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida joriy yil yakuni bilan 21 mlrd dollarlik 301 ta yirik quvvatlar ishga tushirilib, 23 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilmoqda.
Masalan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qiymati 4.6 mlrd dollarlik “Yoshlik-II” konini o‘zlashtirishining 1-bosqichi ishga tushirilishi natijasida 2000 ta yangi ish o‘rini yaratildi. “Navoiy KMK” AJ tomonidan qiymati 733 mln dollarlik “Muruntov” konini o‘zlashtirilishi yoki Nukus tumanida qiymati 23 mln dollarlik radiator ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi katta investitsiya oqimining kirib kelishiga omil bo‘ldi.
Bundan tashqari Karmana tumanida qiymati 100 mln dollarlik loyiha, Davlatobod va Sardoba tumanida 33 mln dollarlik mato va gazlamalarini gul bosishni va buyashni tashkil etish loyihasi, Chirchiq shahrida 15 mln dollarlik po‘lat sharlar ishlab chiqarishni tashkil etilishi, Uchko‘prik tumanida xitoylik investorlar ishtirokida 11 mln dollarlik litiy akkumulyatorlar loyihasi, Urganch shahrida 15 mln dollarlik dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi albatta bu loyihalarni yana davom ettirish mumkin. Lekin eng asosiysi hududiy investitsiya dasturi doirasida joriy yil yakuni bilan 12.6 mlrd dollarlik jami salkam 10 mingta loyiha ishga tushirilib, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.
- Investitsiya sohasida O‘zbekistonda 2026 yilga mo‘ljallangan reja va maqsadlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Kelgusi yilda mamlakatimizga 50 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etishni oldimizga muhim maqsad qilib qo‘yganmiz. Biroq bundan buyon investitsiyaning miqdoridan ko‘ra, uning sifati va natijadorligi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Har bir jalb qilinadigan dollar, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalarni olib kirish va ularni amaliyotga joriy etishga, tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilishi lozim.
Shuningdek, investitsiyalar energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanishni ta’minlashi, mahalliy kadrlarga zamonaviy texnologiyalar asosida bilim berib, mehnat unumdorligini oshirishga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, shunday yondashuv bilan yuqori texnologiyalarni olib kirib, eksportga ishlaydigan va yangi bilim hamda tajribani mamlakatimizga tatbiq etadigan investorlar yurtimizning eng ishonchli va uzoq muddatli hamkorlariga aylanadi.
Bunday strategik investorlar uchun loyiha amalga oshiriladigan yer maydonlari bozor narxida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratiladi. Yer toifasi o‘zgartirilganda yuzaga keladigan nobudgarchilik to‘lovlarini esa 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni yaratiladi. Shu bilan birga, investorlar yer hujjatlarini rasmiylashtirish, yer toifasini o‘zgartirish, qurilish ishlari va infratuzilma tarmoqlariga ulanish bo‘yicha turli idoralarga qatnab yurishga majbur bo‘lmaydi. Bu jarayonlarning barchasi “yagona darcha” tamoyili asosida ishlovchi “invest.gov.uz”elektron platformasi orqali amalga oshiriladi hamda barcha vazirlik va idoralar ushbu tizimga integratsiya qilinadi.
Xullas kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobidan 1 million yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilib qo‘yildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KMuNZ-j0cA0" title="O‘zbekistonning investitsion muhiti 43 mlrd dollar sarmoya jalb qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA