
Vatanimiz tarixidagi 16 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1405 yil (bundan 620 yil oldin) – Amir Temurning vasiyatiga muvofiq uning yigirma to‘qqiz yoshli nabirasi, valiahd shahzoda Pirmuhammad Mirzoni taxtga o‘tqizish tarafdorlari kuchli bo‘lsa-da, biroq sohibqironning boshqa nabirasi, yigirma bir yoshli Xalil Sulton Samarqandni egalladi. U mamlakatni 1405–1409 yillar davomida boshqardi.
Garchi Amir Temurning o‘rtancha o‘g‘li Mironshoh hamda Xuroson noibi – oqil va tadbirkor kenja o‘g‘li Shohruh mirzolar hali hayot bo‘lsalar-da, Sohibqiron hayotlik chog‘idayoq o‘ziga valiahd etib oqil va botir nabirasi – o‘sha vaqtlardagi Hindiston va Kobul viloyatlarining hukmdori Pirmuhammadni tayinlagan edi. Afsuski, temuriylar taxti Pirmuhammadga nasib etmadi.
1540 yil (bundan 485 yil oldin) – Buxoro xoni Ubaydullaxonning vafotidan keyin Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdulloh Sulton (Abdullaxon I) yosh jihatdan eng kattasi bo‘lgani uchun shayboniylarning ulug‘ xoni – xonlar xoni bo‘ldi. Uning hukmronligi 6 oy davom etdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, shayboniylarning davlat boshqaruvida dastlab an’anaviylik saqlandi. Oliy hukmdorlik, ya’ni xonlik otadan bolaga emas, balki sulolaning yoshi eng katta vakiliga o‘tgan. Biroq XVI asrning 40-yillaridan boshlab o‘zaro nizolar oqibatida bu an’ana buzildi. Endi taxt otadan bolaga meros bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi.
1711 yil (bundan 314 yil oldin) – o‘ttiz yoshli Buxoro xoni Ubaydullaxon II saroy fitnasi natijasida Buxoroning Piri Mirza chorbog‘ida o‘ldirildi. U Buxoro yaqinida – Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohonda otasi Subhonqulixon qabri yonida dafn etilgan.
Ubaydullaxon II davlatning iqtisodiy negizini mustahkamlashga qaratilgan choralar ko‘rgan. Avvalo u ma’muriy sohada islohotlar o‘tkazib, davlatni boshqarishga o‘rta tabaqa: xunarmandlar va savdogarlarni jalb qilgan. U hatto markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun yirik yer egalarining imtiyozlarini qisqartirgan. Ubaydullaxon II mamlakatda obodonchilik ishlariga e’tibor qaratgan.
1857 yil (bundan 168 yil oldin) – Buxoro amiri Abdulahadxon Karmana shahrida tavallud topdi (ba’zi adabiyotlarda uning 1859 yil tug‘ilgani qayd etilgan). Abdulaxadning bolalik va o‘smirlik yillari Karmanada o‘tgan. U bu yerda ilk ta’limni oladi, fors va arab tillarini o‘rganadi. Abdulahadning tarbiyachisi Hamid Ma’qul ta’sirida unda adabiyotga, xususan, she’riyatga qiziqish paydo bo‘ladi. Buxorolik shoir qori Raxmatullo Vozeh (1818–1894) “Tuxfat ul-ahbob fit tazkirat ul-ashob” asarida amir Abdulahad “Ojiz” taxallusi bilan she’rlar yozgani haqida ma’lumot berib, she’rlaridan namunalar keltiradi. Abdulahad 1875 yilda otasi Amir Muzaffar tomonidan Karmana viloyatiga hokim qilib tayinlanadi. U 1875 – 1885 yillarda Karmana hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib, davlatni boshqarishda katta tajriba to‘playdi.
Abdulahadxon 1885 – 1910 yillarda Buxoro amirligini boshqardi. Uning davrida Rossiya imperiyasi hukumati Buxoroda rus siyosiy agentligini ta’sis etib, Turkistonni, jumladan Buxoro amirligini xomashyo bazasiga aylantirish va bu yerdagi boyliklarni Rossiyaga tashib ketish maqsadida Amudaryoga ko‘prik qurdi, Chorjo‘y-Samarqand temiryo‘lini o‘tkazdi. Shuningdek Abdulahadxon davrida jadidchilik harakati kuchaydi.
1906 yil (bundan 119 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti, qo‘shiqchi va raqqosa, baletmeyster, o‘zbek professional raqsi asoschilaridan biri Tamaraxonim (Tamara Petrosyan) tavallud topdi (vafoti 1991 yil).
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston respublikasi hukumatining “Neft va ko‘mir sanoati korxonalarini natsionalizatsiya qilish to‘g‘risida”gi dekreti qabul qilindi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston xalq komissarlari sovetining buyrug‘i bilan Toshkentda Turkiston xalq universiteti tashkil etildi. Mazkur universitet faqat rus va rus tilida so‘zlovchi aholining oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi ko‘zda tutilgan edi. Jadidlarning o‘zbek va boshqa mahalliy xalqlar uchun universitet tashkil etish borasidagi urinishlariga yo‘l berilmagan. Shunday sharoitda Munavvar qori Abdurashidxonov 9 aprel kuni jadidlarning bir guruhini to‘plab, universitet ochish g‘oyasini olg‘a surgan, uning boshchiligida to‘qqiz kishidan iborat “Musulmon xalq dorilfununining tashkilot komissiyasi” tuzildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayyosatining “Xorijiy ellarda bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining taqdirini aniqlash, ularni ozod etish va vataniga qaytarish borasidagi chora-tadbirlarni faollashtirish haqida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan 1979 yildan 1989 yilgacha bo‘lgan davr ichida Afg‘oniston Respublikasi va boshqa mamlakatlarda asir tushib qolgan yoki bedarak yo‘qolgan fuqarolarni qidirish va ozod qilish hamda Vataniga qaytarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Komissiyasining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda birinchi xorijiy elchixona – Amerika Qo‘shma Shtatlarining elchixonasi ochildi. Ochilish marosimida AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, davlat muassasalari vakillari, xorijiy va mahalliy jurnalistlar ishtirok etdilar. AQSH mustaqil O‘zbekistonda diplomatik faoliyatini boshlagan birinchi davlat bo‘ldi. AQSHning O‘zbekistondagi birinchi Muvaqqat Ishonchli vakili amerikalik diplomat Maykl Mozer edi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Gretsiya Respublikasi va Meksika Qo‘shma Shtatlari bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga asosan “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “O‘zbekkino” Milliy agentligi etib qayta tashkil etildi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun bilan aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari, ushbu sohadagi vakolatli organlarning vakolatlari belgilandi. Qonun 31 moddadan iborat.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2020 yilning 1 iyulidan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilindi, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganlik haqida vakolatli organni xabardor etish tizimi joriy etildi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA