
Qozog‘istonning “ranking.kz” sayti Markaziy Osiyoga sayyohlar oqimi o‘sishi tahlil qilingan maqola e’lon qildi. 2023-2024 yillar ko‘rsatkichi solishtirilganda O‘zbekiston mintaqada yetakchilikni qo‘lga kiritib, sayyohlar oqimi eng tez o‘sishi sur’atini saqlab qolgan.
– 2024 yil O‘zbekistonga borgan xorijiy sayyohlar soni 20,1 foiz oshib, 8 million kishiga yetdi, – deb yozadi muallif. – Shuningdek, mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham turizm rivoji kuzatilgan.
Milliy statistika idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga norezident tashrif buyurganlar umumiy soni 28,6 millionni tashkil etgan. Bu boradagi o‘sish 2023 yilga nisbatan 11 foizni tashkil etdi.
O‘zbekiston turizmi rivoji, sayyohlar oqimi ijobiy o‘sish sur’ati turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmat turi va sifati ko‘tarilgani bilan bog‘liqligi e’tirof etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil yanvar-dekabr oylarida ayni sohada moliyaviy ko‘rsatkich 10.6, 2023 yil 13.5, 2022 yil 22.3 foiz oshgan.
S.Rahimov, O‘zA