Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xitoy: neft-gaz sohasida 2026 yilga mo‘ljallangan qo‘shma rejalar muhokama qilindi

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati neft-gaz tarmog‘ida barqaror rivojlanishni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlari qamrovini kengaytirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro sheriklikni faol ravishda rivojlantirib kelmoqda.

Shu yo‘nalishda jamiyat rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasining neft-gaz sohasida faoliyat yuritayotgan “GR Xibu Buling Engineering Company”, “China 3 National Logging”, “Great Wall Drilling Company”, shuningdek, “New Silk Road Oil and Gas” qo‘shma korxonasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar mavjud hamkorlik holatini tahlil qilib, 2026 yilga mo‘ljallangan qo‘shma rejalarni muhokama qildi. Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, uglevodorod zaxiralarini aniqlash, qidirish va o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda burg‘ilash ishlarida ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy servis xizmatlaridan foydalanish hamda Xitoy kompaniyalarining “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Unda bu kabi hamkorlik neft-gaz sohasida samaradorlikni oshirish va yangi imkoniyatlarni ochishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov jamiyat malakali, tajribali va ishonchli pudratchi hamda servis tashkilotlari bilan ochiq hamkorlikka tayyor ekanini bildirib, qo‘shma loyihalar xalqaro standartlar va belgilangan talablarga asosan raqobatbardosh texnik-iqtisodiy takliflar asosida amalga oshirilishini qayd etdi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash, amaliy muloqotni izchil davom ettirish hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA