O‘zbekiston va Saudiya hududlari hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Saudiya Arabistoni Abxa shahrida O‘zbekiston elchixonasi vakillarining Asir hududi hokimi, Shahzoda Turkiy bin Talol Ol Saud bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Shahzoda so‘nggi yillarda O‘zbekiston yirik xalqaro tadbirlar markaziga aylanib borayotgani, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan yutuqlar jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, o‘zbek olimlarining Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida qayd etdi.
Hukumatimiz tomonidan Saudiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganiga alohida e’tibor qaratildi. Hudud rahbari fikricha, ushbu chora davlatlarimiz o‘rtasida turizm oqimi tezlashishi, tovar ayirboshlash miqdori o‘sishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston tomoni hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqasini o‘rnatish, Turkiy bin Talol Ol Saud boshchiligidagi Asir hududi delegatsiyasining diyorimizga tashrifini uyushtirish, shuningdek respublikamiz qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini hamkor tomon bozorlariga yetkazib berishni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki davlat Savdo-sanoat palatalari va biznes doiralari sherikligini forum va ko‘rgazmalarda o‘zaro ishtirok etish orqali faollashtirish taklif etildi. Saudiya tomoni tashabbuslarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, aniq loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish hamda ijrosini nazorat qilish uchun doimiy hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aziza Alimova, O‘zA