
13-15 mart kunlari Ozarbayjon poytaxtida Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi tomonidan tashkil etilgan “XII Global Boku forumi” bo‘lib o‘tdi.
Avvalgi anjumanlarda bo‘lgani kabi, bu yil ham tadbirda ko‘plab amaldagi va sobiq davlat, hukumat rahbarlari, vazirlar, parlament a’zolari, xalqaro tashkilotlar mas’ul vakillari ishtirok etdi. Qayd etish joiz, tanlangan mavzu - “Jahon tartibini qayta ko‘rib chiqish: muammoni imkoniyatga aylantirish” bugungi global vaziyat nuqtai nazaridan juda dolzarb.
Forumda O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan Vladimir Norov xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berarkan, asosiy e’tiborni “O‘rta yo‘lak”ning O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirishdagi ahamiyatiga qaratgan:
– O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabati ikki davlat rahbarlarining yuksak darajadagi o‘zaro ishonchi va mustahkam do‘stligiga asoslanadi. Xususan, Xonkendidagi qo‘shma to‘qimachilik loyihasi ham muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasidir. Kaspiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegara yo‘qligiga qaramay, mamlakatimiz bu dengizda paromlar qurishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayni tashabbus bizning transport loyihalarida faol ishtirok etishdan manfaatdorligimizni aks ettiradi. O‘zbekiston uchun jahon dengiz portlariga yo‘l ochish doim ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Bu borada tarixiy Ipak yo‘lini tiklash g‘oyasi bilan uyg‘un hisoblangan O‘rta yo‘lak beqiyos ahamiyatga ega. Mazkur tashabbusni amalga oshirish faollashsa, barcha manfaatdor davlatlar iqtisodiyoti yanada gullab-yashnaydi.
O‘zbekiston Prezidenti qo‘shni davlatlar, jumladan Qirg‘iziston bilan faol ishlab, Chin yurti rahbariyatini Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini boshlash zarurligiga ishontira oldi. Bu temir yo‘l masofani 900 kilometr qisqartirib, Yevropaga atigi 5-7 kun ichida yuk yetkazish imkonini yaratadi. “O‘rta yo‘lak” doirasidagi loyihalar, jumladan mintaqadagi barcha davlatlar manfaati ko‘zlangan, to‘la quvvat bilan ishlashi kutilayotgan Zangezur yo‘lagi ham juda muhim.
Mintaqa mamlakatlari gullab-yashnashi uchun ko‘proq yo‘l qurish, transport infratuzilmasini rivojlantirish kerak. Yirik texnologiya kompaniyalari (Big Tech) – raqamli infratuzilmani nazorat qiluvchi va yirik hajmli ma’lumotni boshqaradigan transmilliy korporatsiyalar ta’siri kuchaymoqda. Bir tomondan sezilarli foyda keltirsa-da, bunday innovatsiyaning nazoratsiz kuchi global beqarorlikka olib kelishi mumkin. Ayni vaziyatda biz texnologiya taraqqiyotiga qarshilik ko‘rsatish emas, balki zamonaviy yutuqlardan samarali, eng muhim axloqiy, adolatli va mas’uliyatli tarzda foydalanilishini ta’minlashimiz shart. Lozim bo‘lsa, bunday korporatsiyalarni jamiyat oldida javobgarlikka tortish yo‘llarini topish muhim.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA