O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geologiya sohasida strategik hamkorlikni kuchaytirmoqda
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Uran va noyob metallarni qidirish borasida ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan qo‘shma loyihalar nafaqat iqtisodiy aloqalarni, balki ilmiy-texnikaviy hamkorlikni ham yangi bosqichga ko‘taradi.
Shu kunlarda Mo‘g‘ulistonda amaliy safarda bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiya a’zolari mezbon tomon bilan bu borada muzokaralar o‘tkazib, qator kelishuvlarga erishdi.
Xususan, "Navoiyuran" DK tasarrufidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh geologi Husniddin Olovov, “Uzbek Overseas Geology Company” bosh direktori Hayitboy Omonov hamda Mo‘g‘ulistonning "Mon-Atom" kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv ham ulardan biridir.
Unda tomonlar strategik ahamiyatga ega bo‘lgan uran qazib olishga oid qidiruv ishlarini tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, "Mon-Atom" kompaniyasi tomonidan taklif etilgan oltita istiqbolli maydon bo‘yicha “Navoiyuran” DK va “Uzbek Overseas Geology Company” mutaxassislari 15 ming metrdan ortiq tasdiqlovchi burg‘ilash ishlari loyihasini ishlab chiqqan. Shuningdek, keng ko‘lamli geologik, geofizik va laboratoriya tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda qidiruv ishlari uchun tegishli ruxsatnomalarni olish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuv jarayonida "Mon-Atom" kompaniyasi vakillari ushbu maydonlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan burg‘ilash ishlari hajmi bilan batafsil tanishib, ularning istiqbolini yuqori baholadi. Shu bilan birga, ular geologiya sohasidagi qo‘shma faoliyat ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidladi. Rejalarga asosan mazkur istiqbolli maydonlarda qidiruv ishlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Kompaniya axborot xizmatiga ko‘ra, bunday hamkorlik nafaqat yangi qazilma zaxiralarini aniqlash, balki O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida tabiiy resurslar sohasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantiradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA