O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Shu kunlarda Geologiya fanlari universiteti va “Uzbek Overseas Geology Company” mas’ullari amaliy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonda bo‘lib turibdi.
Tashrifning ilk kunida Geologiya fanlari universiteti prorektori Leyla Sharafutdinova va “Uzbek Overseas Geology Company” bosh direktori Hayitboy Omonov Mo‘g‘uliston Milliy universiteti rektori Bayanjargalin Ochirxuyag bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda geologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, amaliy va ilmiy tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Qayd etish joizki, mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mo‘g‘uliston Respublikasiga davlat tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida geologiya va tog‘-kon sohasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Unga ko‘ra, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan bo‘lib, unda foydali qazilmalarni qidirish, qazib olish va qayta ishlash, kadrlar malakasini oshirish hamda qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari nazarda tutilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro standartlarga mos ta’lim jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi.
Unga asosan “Uzbek Overseas Geology Company” tomonidan O‘zbekistonda tahsil olish istagini bildirgan talabalar uchun grantlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Keyinchalik ular kompaniyaning Mo‘g‘ulistondagi vakolatxonasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kompaniya axborot xizmatiga ko‘ra, bu tashabbus O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geologiya sohasidagi hamkorligini mustahkamlab, ikki tomonlama ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA