“O‘zbekiston – mintaqaviy ta’lim xabi” konsepsiyasi ishlab chiqiladi
Markaziy Osiyoning ta’lim markazi sifatidagi tarixiy nufuziga qaramasdan, bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim olayotgan xorijiy talabalar soni atigi 13 ming nafarni tashkil etadi. Bu umumiy talabalarning 3 foiziga teng, xolos.
Shu bilan birga, ularning 81 foizi uchta davlatga – Hindiston (60%), Turkmaniston (11%) va Pokistonga (10%) to‘g‘ri keladi. Muammo faqat geografiyada emas, balki yo‘nalishlarda ham ko‘zga tashlanadi: xorijlik talabalarning 78 foizi tibbiyot sohasini tanlagan bo‘lib, muhandislik, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar va “yashil” texnologiyalar kabi istiqbolli sohalar deyarli e’tibordan chetda qolmoqda.
Xalqaro hamkorlik dasturlari ham yetarlicha diversifikatsiya qilinmagan. Hozirda mamlakatda 21 ta davlatning oliy ta’lim muassasalari bilan 374 ta qo‘shma dastur amalga oshirilmoqda.
Biroq ularning qariyb 80 foizi Rossiya va Belarus universitetlariga to‘g‘ri keladi. AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya kabi ilg‘or ta’lim markazlari bilan hamkorlik cheklangan. Hatto jahonning TOP-500 universitetlari orasida hamkorlar bor, ammo ular soni juda oz. Bu holat O‘zbekistonning global akademik maydonga to‘liq integratsiyasi hali yuksak darajaga chiqmaganini ko‘rsatadi.
Mavjud cheklovlarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston – mintaqaviy ta’lim xabi” konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha xorijiy talabalar sonini 50 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu hozirgi holatga nisbatan qariyb uch barobar o‘sish demakdir. Shu bilan birga, xorijiy talabalarning yo‘nalishlari kengayib, faqat tibbiyot emas, balki axborot texnologiyalari, muhandislik, agrotexnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot sohalariga ham jalb etilmoqda.
Shu maqsadda xalqaro nufuzli universitetlar bilan hamkorlik kuchaytiriladi. TOP-500 universitetlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilishi, TOP-100 OTMlari bilan esa davlat-xususiy sheriklik asosida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Ularga soliq imtiyozlari, yer maydonlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taklif qilinib, O‘zbekistonda filiallar ochish uchun sharoit yaratiladi.
Shuningdek, ta’lim dasturlariga xalqaro akkreditatsiyalar joriy etiladi: muhandislik yo‘nalishlari uchun ABET, biznes-maktablar uchun AACSB, tibbiyot uchun WFME akkreditatsiyasi. Bu orqali o‘zbek diplomlariga ishonch ortadi va ularning xorijda tan olinishi kafolatlanadi.
O‘zbekiston brendini xalqaro miqyosda ilgari surish uchun “Study in Uzbekistan” platformasi ishga tushiriladi. 2026 yildan boshlab har yili Xalqaro ta’lim forumi tashkil etiladi. Shu bilan birga, Janubiy Osiyo, MDH va Yaqin Sharq kabi asosiy mintaqalarda O‘zbekistonning rasmiy ta’lim vakolatxonalari ochiladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA