O‘zbekiston 7 oyda 80,5 million dollarlik shaftoli eksport qilgan
Shaftoli mamlakatimizda eng ko‘p yetishtiriladigan mevalardan biri hisoblanadi. Ushbu meva C va A vitaminlariga boy bo‘lib, bu ko‘rish va immunitet uchun juda muhim. Qolaversa, kremniy, kaliy, fosfor, temir kabi mikro vamakro elementlar mavjud. Shaftolining energiyaviy qiymati asosan uglevodlardan iborat.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yetti oyida O‘zbekiston shaftoli eksporti bo‘yicha muvaffaqiyatli natijalarga erishdi. 87,9 ming tonna mahsulot eksport qilinishi va buning evaziga 80,5 million AQSH dollari daromad olinishi mamlakatimiz meva eksportidagi barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni ko‘rsatadi. Shaftoli nafaqat ichki bozorimizda, balki xalqaro maydonda ham katta talabga ega bo‘lgan mevalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston 2025 yilning yanvar-iyul oylarida eng ko‘p shaftoli eksport qilgan davlatlar ro‘yxatida Rossiya birinchi o‘rinda turibdi.
Rossiya eng yirik importyor davlat sifatida 69,9 ming tonna shaftoli qabul qildi. Bu umumiy eksport hajmining katta qismini tashkil etadi. Qozog‘iston 13,1 ming tonna shaftoli importi bilan ikkinchi o‘rinda turadi.
Qozog‘iston bozorining O‘zbekiston shaftolisi uchun muhimligi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy savdo aloqalarini yanada rivojlantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi 4 ming tonna shaftoli sotib olib, mintaqaviy eksport bozoridagi o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Qolaversa, Belarusga 615 tonna va boshqa davlatlarga 259 tonna shaftoli eksport qilingan.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yilning yetti oyidagi shaftoli eksporti ko‘rsatkichlari O‘zbekiston meva eksportidagi muvaffaqiyat va istiqbolli o‘sishni namoyish etadi.
Mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va bozorlarni kengaytirish orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dildora DO‘SMATOVA O‘zA