
Nukusda ilk bor o‘tkazilayotgan Orol madaniyati sammiti o‘z ishini boshladi. Ushbu keng ko‘lamli tadbirda taniqli ekspertlar, olimlar, madaniyat va ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusida o‘tkazilayotgan sammitning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan mazkur sammit san’at, madaniyat, dizayn va ilm-fan orqali muloqot va harakatni rivojlantirishga qaratilgan. Orol madaniyat sammiti (ACS) Orol dengizi inqirozi va global iqlim muammolarini hal qilishning barqaror yechimlarini o‘rganish va amalga oshirish maqsadida ikki shahardagi yetakchi madaniyat arboblari, siyosatchilar, rassomlar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ekspertlarni birlashtiradi. Tadbir Samarqandda mintaqa va Yevropa davlatlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekistonning ekologik va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka sodiqligini mustahkamlaydigan birinchi Global iqlim forumi doirasida ochilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Sammit rezidensiyalar, laboratoriyalar, seminarlar, ko‘rgazmalar va festivallarni o‘z ichiga olgan tashabbuslar orqali O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston mintaqasida innovatsiyalar va ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga intiladi. Shuningdek, sammit mintaqa atrof-muhitini qayta tiklash va jonlantirish, shu bilan birga, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillariga mos keladigan yangi korxonalarni jalb etish, barqaror iqtisodiy o‘sishni yaratishga qaratilgan. Loyiha 2023 yil mart oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMTning Suv konferensiyasi chog‘ida rasman e’lon qilingan. U jahon hamjamiyati e’tiborini Orolbo‘yining ekologik va madaniy muammolariga qaratishda muhim qadam bo‘ldi.
– Orol madaniyat sammiti bu o‘zgarishlar uchun maydon va minbardir. Madaniy muloqotni iqlim kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish orqali biz san’at uzoq muddatli barqaror rivojlanishga bo‘lgan jamoaviy intilishlarimizga hissa qo‘shishini kafolatlaymiz. Bizning “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti” va Global iqlim forumi bilan hamkorligimiz atrof-muhit o‘zgarishini rag‘batlantirishda madaniyatning zalvarli o‘rin egallashini ta’kidlaydi, – deydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.
[gallery-22674]
Sammit doirasida “Iqlim o‘zgarishi diqqat markazida: jamoaviy harakatlar orqali kelajakni shakllantirish”. “Madaniyat, me’morchilik va meros: iqlim harakatiga turtki yasovchi kuchli omillar”, “Barqarorlikdan tashqari: kelajakni tabiat, san’at va texnologiyalar bilan loyihalashtirish”, “Qishloq xo‘jaligini madaniyat sifatida parvarishlash” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Sammit o‘z ishini davom ettirmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.