“Ohangaron-Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha to‘xtatiladi
Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 2025 yil 5 sentyabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida “Ohangaron-Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu vaqtinchalik cheklov Farg‘ona vodiysining tog‘li hududidan o‘tuvchi qismida qurilgan qo‘shimcha magistral gaz quvurini tarmoqqa ulash ishlari olib borilishi bilan bog‘liq.
Qayd etish kerakki, iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ishonchli ta’minlash maqsadida Davlat dasturlari doirasida magistral gaz tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga xizmat qiladigan “Ohangaron-Pungon” magistral gaz quvurining tog‘li hududdan o‘tuvchi qismida qariyb 22 kilometrlik qo‘shimcha quvur qurilishi yakuniga yetkazildi.
Yangi quvurning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari iste’molchilarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatini oshiradi. Ushbu quvurni tarmoqqa ulash bo‘yicha montaj ishlari 5-6 sentyabr kunlari olib boriladi. Shu munosabat bilan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ta’mirlash jarayonida Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish-kompressor shoxobchalari (AGTKSH) hamda yirik iste’molchilarning gaz ta’minotiga vaqtincha cheklovlar joriy etiladi.
Shuni hisobga olgan holda iste’molchilar ehtiyojini qondirish maqsadida vodiy viloyatlarida avtobenzin sotuv hajmlari oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, qurilish-montaj ishlari davomida aholi iste’molchilarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA