Mamlakatimizda kimyoviy reagentlarni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish va ulardan neft-gaz sohasida samarali foydalanish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda “O‘zkimyosanoat” AJ hamda O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Suhbat jarayonida neft-gaz korxonalari import qiladigan kimyoviy reagentlarni tahlil qilish, ularni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish yo‘llari muhokama etildi.
Ayniqsa, har yili taxminan 10 million AQSH dollariga to‘g‘ri keladigan kimyoviy reagentlarni ichki bozorda o‘zlashtirish masalasi alohida qayd etildi. Shu maqsadda “Navoiyazot” AJda alyuminiy sulfati, “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki rezidentlari tomonidan turli turdagi sintetik va molekulyar seolitlar, shuningdek, korroziya hamda cho‘kinmalarga qarshi kimyoviy vositalar ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, muloqot yakunida ishchi guruh tuzish, korxonalarning texnik imkoniyatlarini o‘rganish, tajriba va sinov ishlarini amalga oshirish, mahsulotni sertifikatlash va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA