Moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish mavzusida media-muloqot
Mamlakatimizda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va ularning iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 9 sentyabr kuni Markaziy bank tomonidan moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan media-muloqot o‘tkazildi.
Markaziy bank 2025 yildan boshlab nazorat samaradorligini oshirish va iste’molchilar muammolarini minimallashtirish maqsadida moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida nazorat va tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi strategik yo‘nalishlarni belgilab kelmoqda.
“Moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish konsepsiyasi”ning maqsadi Markaziy bankda moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish tizimini isloh qilish modeliga yondashuvni shakllantirishdan iborat.
[gallery-25221]
Mazkur konsepsiya quyidagilarni belgilaydi:
– Moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilish sohasida Markaziy bank siyosati asosida belgilangan iste’molchilar foydasiga kutilayotgan natijalar;
– Iste’molchi foydasini ko‘zlab natijalarga erishish maqsadida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchilar tomonidan amalga oshirilgan faoliyat;
– Moliyaviy xizmatlar yetkazib beruvchilarning mas’uliyatli faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan Markaziy bankning moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish siyosati;
– Markaziy bank siyosati qanday qilib iste’molchi uchun natijalarga erishishga olib kelishini tushuntiradigan siyosat va natijalar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlik.
Konsepsiyada Markaziy bankning moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilishning ilg‘or xorijiy tajribaga mos keladigan hamda iste’molchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan tartibga solish va nazorat sohasidagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ilgari surildi.
Media-muloqot yakunida jurnalist va blogerlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldi hamda o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Dildora DO‘SMATOVA,
Oybek Pardayev (surat)
O‘zA muxbiri