
Quyonchilik tez rivojlanayotgan va iqtisodiy jihatdan daromadli soha bo‘lib, nafaqat go‘sht ishlab chiqarish, balki fermerlar uchun qulay ish o‘rni yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida quyonchilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, "Sirdaryo momiq quyonlari" fermer xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar nafaqat tumanda, balki viloyatning boshqa hududlarida ham aholining quyonchilik sohasiga bo‘lgan qiziqishi ortishiga, ushbu yo‘nalishdagi investitsiya loyihalarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Quyon go‘shti parhezbop, mazali va sog‘lom mahsulot bo‘lib, inson salomatligi uchun nihoyatda foydali. Uning tarkibida letsitin, kalsiy, fosfor, mineral tuzlar va boshqa muhim moddalar mavjud. Bu go‘sht oshqozonda tez hazm bo‘ladi, shuningdek, qon bosimi, jigar kasalliklari va oshqozon-ichak kasalliklariga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi. Bunday xususiyatlar quyon go‘shtini aholining salomatligini saqlashda muhim mahsulotga aylantiradi.
Quyonchilikning yana bir afzalligi uning kam xarajat bilan amalga oshirilishidir. Bu sohada fermerlar uchun katta sarmoyalar talab etilmaydi, shuningdek, quyonlar tez ko‘payish qobiliyatiga ega, bu esa xo‘jaliklarning faoliyatini ko‘paytirishga imkoniyat yaratadi.
Mirzaobod tumanining "Oqoltin" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan "Sirdaryo momiq quyonlari" fermer xo‘jaligi bugungi kunda quyonchilik sohasida namunaviy xo‘jaliklardan biri hisoblanib, xo‘jalikda 2 ming boshdan oshiq ona quyon parvarish qilinayotgan bo‘lsa, uning tez ko‘payishi hisobiga yiliga 15-16 ming bosh quyon yetishtirilib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga, ishsiz, kam daromadli oilalarga yetkazib beriladi.
[gallery-22263]
Xo‘jalik rahbari Ravshan Bozorboyevning ta’kidlashicha, u fermer xo‘jaligi tashkil etganidan so‘ng bu sohaga qiziqadigan investorlar ko‘paya boshlagan. Eng asosiysi, "Sirdaryo momiq quyonlari" fermer xo‘jaligida "Yangi zelandiya" va "Kaliforniya" zotli quyonlar parvarishlanmoqda. Uning ma’lum bir qismi quyonchilik sohasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fermerlar va aholi vakillariga yetkazib berilayotgan bo‘lsa, yana ma’lum bir qismi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarda narx-navoni barqarorlashtirish va aholini parhezbop quyon go‘shti bilan ta’minlash maqsadida ichki bozorlarga chiqariladi.
Fermer xo‘jaligi nafaqat mahalliy bozorni, balki Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarini ham sifatli quyon go‘shti bilan ta’minlaydi. Buning natijasida fermer xo‘jaligi yil sayin kengayib, nafaqat mahalliy, balki respublika bo‘yicha quyon go‘shti ishlab chiqarishning muhim manziliga aylanmoqda.
– Asli Zominlikmiz, ota-onalarimiz Mirzacho‘lni o‘zlashtirish vaqtida shu yerga ko‘chib kelishgan, dastlab yerto‘lada yashashgan, ko‘p qiyinchiliklar ko‘rganmiz. Keyin o‘qidim, zooveterinar bo‘ldim. Tumandagi turli xo‘jaliklarda uzoq yillar mobaynida turli lavozimlarda ishladim, – deydi “Sirdaryo momiq quyonlari” fermer xo‘jaligi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Ravshan Bozorboyev. – Xo‘jaligimiz 2016 yilda tashkil etilib, tuman hokimining qaroriga asosan o‘sha yili xo‘jalikka 48 gektar ozuqa yer maydoni ajratib berildi. Va natijada tijorat bankidan olgan 420 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit hisobidan 125 bosh “Yangi zelandiya” zotiga mansub quyon zotlarini keltirdim. Uni boqish, parvarishlash uncha ko‘p mehnat talab etmas ekan. Qolaversa, tez ko‘payishi hisobiga quyon soni kutilganidan ko‘ra anchaga ko‘paydi. 5 kilogrammgacha vaznga ega bo‘lgan bitta urg‘ochi quyonim yiliga 7 martagacha bolalagani, har bir bolalaganda 42 tagacha quyoncha olganim hali yodimdan chiqmaydi. Bu esa qiziqishimning yanada ortishiga, quyon zotlarini parvarishlashga bo‘lgan ishtiyoqimning oshishiga sabab bo‘ldi. 2020 yili bankdan yana qo‘shimcha kredit olib, Italiyadan quyonning “Kaliforniya” zotini keltirdim. Eng qiziq tomoni, buzoq vazni 47 kunda ikki barobarga oshsa, quyon bolasi bunday natijaga 6 kunda erishadi.
Ayni vaqtda fermer zotdor quyonlar sonini ko‘paytirish, quyon boqish istagida bo‘lganlarga zotdor quyonlarni parvarishlash, yetkazib berish ustida ishlayapti. Fermer Sirdaryoda quyon va quyonchilik sohasiga qiziqadigan tadbirkor va fermerlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Eng muhimi, xo‘jalikda quyonning “Oq velikan” zoti parvarishlanayotgan bo‘lsa, xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 48 gektar sug‘oriladigan yerning 20 gektariga quyon uchun ozuqabop ekin turlaridan beda, 28 gektariga arpa ekinlari ekilgan. U ham belgilangan tartibda parvarishlanmoqda. Aholining quyon go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida xo‘jalik o‘tgan 2022 yilda 6 000 kilogramm, 2023 yilda 10 000 kilogramm, 2024 yilda 16000 kilogramm quyon go‘shti yetkazib berdi.
Xo‘jalikda ishlayotgan ishchi-xizmatchilar 2022 yilda 9 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni o‘n sakkizdan oshib ketdi.
– Bilasizmi, 2019 yil biz uchun omadli keldi,– deydi, quyonchilik sohasida boy tajriba to‘plagan tadbirkor Ravshan Bozorboyev. –O‘sha yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, u kishining e’trofiga sazovor bo‘ldim. Mirzaobodga tashrifi davomida uchrashib, u kishiga quyonchilik sohasida erishayotgan natijalarim to‘g‘risida gapirib berdim. Bu gaplarim yoqdi chog‘i, o‘sha yili “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldim. Eng asosiysi, quyonchilik istiqbolli soha bo‘lib, uni ko‘paytirish, rivojlantirish bo‘yicha bergan tavsiyalari tufayli faoliyatimni kengaytirdim. Quyon go‘shtini tayyorlaydigan maxsus qo‘shxona bunyod etdim.
Xullas, Mirzaobodda quyonchilik sohasining rivojlanishi nafaqat agrar sektordagi ishlab chiqarishni oshirish, balki mahalliy aholiga sifatli va parhezbop oziq-ovqat yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega. "Sirdaryo momiq quyonlari" fermer xo‘jaligining rivojlanishi, davlat tomonidan ko‘rsatilgan yordam va mahalliy tadbirkorlarning faoliyati natijasida Mirzaobod tumanida quyonchilik sohasi rivojlanyapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri