Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energiya yo‘lagi loyihasi muhokama qilindi
Bokuda “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energiya yo‘lagi” loyihasining dastlabki rivojlanish bosqichi doirasida tayyorlanayotgan texnik-iqtisodiy asos hujjati muhokamasiga bag‘ishlangan ilk seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Trend” axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistondan tegishli davlat idoralari vakillari, elektr energiyasi uzatish tizimi mutaxassislari, tartibga soluvchi tashkilotlar, shuningdek Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.
Ozarbayjon energetika vaziri o‘rinbosari O‘rxon Zeynalov Kaspiy va Qora dengiz hududlarini bog‘laydigan mazkur yo‘lak ishga tushgach, Markaziy Osiyodan Yevropa bozoriga toza qayta tiklanuvchi energiya yetkazib berish imkoni yaratilishini ta’kidladi.

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sanjar Jarkeshov mamlakatida 2030-yilga qadar energiya ishlab chiqarish quvvati 26 gigavattga yetkazilishi rejalashtirilgani, umumiy miqdoring 30-35 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri kelishini bildirdi. Boy energetika salohiyatiga ega ushbu mamlakat mazkur yo‘lak orqali Yevropaga toza energiya eksport qilishni maqsad qilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonov mazkur tashabbusni istiqbolli loyiha sifatida baholadi. Ma’lumki,respublikamizda energetika infratuzilmasini rivojlantirishga ulkan sarmoya kiritilmoqda. O‘zbekiston 2030-yilga qadar mintaqaviy tarmoqqa ulanib, Yevropaga elektr energiyasi eksport qilish imkoniyatini ancha kengaytirish rejasini tuzgan.
Anjumanda ishtirokchilar texnik-iqtisodiy asos hisobotini vaqtida yakunlash hamda keyingi bosqichga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy vazifalarni kelishiboldilar.
“Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energiya yo‘lagi” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Tashabbus 2025-yil aprelida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
D.Hakimov, O‘zA