Karimbek Norbekov o‘zbek ma’rifatparvar boylaridan bo‘lgan. U 1884 yil Toshkentda Muhammadaminbekning xonadonida tug‘ilgan. Muhammadaminbekning dastlabki ayoli Marziyabibi Mo’minboy qizidan Dolimbek ismlik farzandi bo‘lgan. Ushbu ayoli vafot etgach, Umriniso ismlik ayolga uylangan va undan uch o‘g‘il va bir qiz ko‘rgan. Ular Komilbek, Tojixon, Karimbek, Abdurahmonbek.
Dastlab akasi Komilbek bilan mahalladagi maktabda ta’lim oladi. So‘ng otasining tashabbusi bilan Sayidkarimboy Sayidazimboy o‘g‘li uyida ochilgan rus-tuzem maktabida davom ettiradilar. Rus-tuzem maktabini tamomlab bir necha yil “Beklarbegi” madrasasida ham tahsil oladi. Bu madrasada yangi fikrli yoshlar bilan suhbatda bo‘ladi. O‘sha davrda nashr etilgan va xorijdan kirib kelayotgan gazeta va jurnallar bilan tanishadi. Shu bilan birga otasining ishlarida yordam bergan.
Karimbek 1900 yildan boshlab akasi Komilbek bilan charm savdosini yo‘lga qo‘yadilar. 1905 yildan boshlab savdo maqsadida Moskva va Peterburg shaharlariga safar qiladi. 1909 yildan Turkiston taraqqiyparvarlik harakatiga qo‘shilib, islohotchilik g‘oyalarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, “Turon” truppasini tashkil etish, spektakllarini tayyorlash, patta tarqatish ishlarida iqtisodiy qo‘llab-quvvatlagan. Ziyolilar bilan hamkorlikda “Nashriyot” (12 kishi) kitob nashr etish va tarqatish shirkatiga muassislik qilgan. Bu ishi uchun “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Toshkentning mashhur taraqqiyparvar va fikrli zotlari”dan deb olqish olgan. 1917-1922-yillarda o‘zbek yoshlarini xorijiy mamlakatlarga o‘qishga yuborish masalasida faol qatnashib, yoshlarni moddiy ta’minlagan.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni millatparvar jadidlardan biri Karimbek Norbekovga bag‘ishlanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dgRXRXxRTXI?si=1_MDA2ORT1Lboqzr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA