
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida joriy yilning 5 mart kuni Prezident raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda qo‘yilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan seminar-yig‘ilish o‘tkazildi.
Korxona rahbar xodimlari, mas’ul mutaxassislar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda mamlakatimiz rahbarining islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha muhim vazifalarni aniq belgilab olish zarurligi to‘g‘risida mulohazalar bildirildi.

Darhaqiqat, islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlar ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar illatga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatish, qusurlarni ildizi bilan qo‘porib tashlashda hamjihat bo‘lish, bu borada yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kun farqini yaxshi tushunish, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni maqsad qilish lozimligi bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerakligi xodimlarga yana bir karra tushuntirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA