
Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasi tomonidan Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda kichik va o‘rta biznes vakillarining mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim o‘rni, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va tadbirkorlarning barqarorlik reytingi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida belgilangan maqsad va vazifalar haqida ham ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlash joizki, kichik va o‘rta biznes mamlakatimizda ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalish hisoblanadi. Shu bois bu borada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar safini yanada kengaytirish, faoliyatini rivojlantirishda biznes vakillarining mavjud muammo va takliflarini o‘rganish hamda ularga yechim topish muhim ahamiyatga ega.
Ochiq muloqotda kichik va o‘rta biznes tadbirkorlarining soliq hisobotlarini topshirish, imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha takliflari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.