
“Katta yettilik” mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi qo‘shma bayonotida "Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiya va boshqa choralar joriy etilishi mumkinligi “muhokama qilingani” aytilgan.
- Rossiyani teng shart asosida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lish va jarayonni to‘liq amalga oshirish orqali o‘zaro javob berishga chaqirdik, - deyilgan bayonotda. - Sulhga erishilmasa, qo‘shimcha xarajat, jumladan sanksiya, neft narxini cheklash, Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish kabi vositalar orqali Rossiyaga qarshi chora ko‘riladi. Bu Rossiyaning suveren aktivlaridan olinadigan favqulodda daromadlardan foydalanishni ham nazarda tutadi.
Shuningdek G7 mamlakatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi, mamlakat mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishi ham tasdiqlangan.
Rossiya Ukrainada maxsus amaliyot boshlagach, YeI va G7 mamlakatlari RFning taxminan 300 milliard yevroga teng valyuta zaxirasidan deyarli yarmini muzlatib qo‘ygan. 200 milliard yevrodan ortiq mablag‘ Yevropa Ittifoqida, asosan Belgiyaning dunyodagi eng yirik hisob-kitob va kliring tizimlaridan biri "Euroclear" ixtiyorida saqlanmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropadagi Rossiya aktivlari muzlatilishini "o‘g‘irlik" deb atab, YeI nafaqat xususiy mablag‘lar, balki davlat aktivlarini ham nishonga olganiga e’tibor qaratgan.
S.Rahimov, O‘zA