Jizzax viloyatining Forish tumanida mamlakatimiz tarixidagi eng yirik loyihalardan biri — Atom elektr stansiyasi(AES) ning qurilishi boshlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur strategik loyiha nafaqat elektr energiyasi ta’minotini barqarorlashtiradi, balki iqtisodiyotimizga ham katta turtki beradi.
AES ning qurilishi joy tanlashdan tortib, ekologik va texnik tahlillargacha, barcha xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Hozirda reaktor joylashtiriladigan hududda katlovan qazish ishlari boshlangan.
– Jizzax AESi loyihasi – O‘zbekistonda katta quvvatli kichik reaktorlar qurilishi bo‘yicha ilk qadam, – deydi “Rosatom” korporatsiyasi “Atomstroyeksport” vitse-prezidenti, loyiha rahbari Pavel Bezrukov. – Loyihaga ko‘ra, avval 110 megavattlik 2 ta kichik reaktor quriladi. Keyin esa 1000 megavattlik 2 ta yirik reaktor barpo etiladi. Jami quvvat 2110 megavattni tashkil etadi. Kichik reaktorlar 2030 yilda ishga tushiriladi va to‘liq tijorat ekspluatatsiyasi boshlanadi. Yirik reaktorlar 2033–2035 yillarda qurib bitkaziladi. Hozircha reaktorlarni moliyalashtirish ishlari O‘zbekiston hisobidan amalga oshirilmoqda. 2026 yildan Rossiya davlat krediti jalb etiladi.
– Jizzax AESi loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2024 yilda shartnoma imzolanib, dastlabki bosqichda 6 ta kichik reaktor qurish rejalashtirilgandi, – deydi AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov. – Lekin keyingi tahlil va ehtiyojlardan kelib chiqib, 2 ta kichik va 2 ta yirik reaktor qurishga qaror qilindi. Qurilishgacha 5 yil davomida yer, gidrogeologiya, iqlim, seysmik holatlar o‘rganildi va Forish tumanining Uchquloch mahallasidagi joy maqbul hudud sifatida tanlandi.
AES qurilishi 525 gektar maydonni qamrab oladi va loyihani amalga oshirishga 20 mingga yaqin mutaxassis va ishchi jalb etiladi. Rossiya bilan kelishuvga ko‘ra, qurilishda qatnashuvchilarning 70 foizi o‘zbekistonlik muhandis va mutaxassislardan tashkil topadi. Stansiya to‘liq ishga tushgach, 2000 ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratiladi.
O‘zbekiston yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Moskva Fizika institutining Toshkent filialini har yili bir qancha yurtdoshlarimiz bitirib chiqayotir. Ular “O‘zatom” agentligi tizimida amaliyot o‘tab, elektr energetikasi, turbina, reaktor va nazorat tizimlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashmoqda. Ishga qabul qilinishi oldidan mutaxassislar “O‘quv tayyorlov markazi”da “Rosatom” va “O‘zatom”ning yetuk mutaxassislari tomonidan o‘qitiladi, sinovdan o‘tib, AESda ishlash uchun maxsus ruxsatnoma oladi. Keyin esa xorijiy AESlarda malaka oshirib, ish faoliyatini boshlash imkoniga ega bo‘lishadi.
Qurilishda subpudratchi sifatida faoliyat yuritayotgan “Enter Engineering” kompaniyasi mahalliy bozorda katta tajribaga ega, o‘z avtoparki va mutaxassislarini jalb etgan holda barcha texnik talablarga mos ishlarni amalga oshirmoqda. Reaktorlarga daxldor maxsus qurilmalar – “yadroviy orol” infratuzilmasi esa “Rosatom”ning Rossiyadagi ixtisoslashgan tashkilotlari tomonidan qurilmoqda.
– Jizzax AES qurilishi subpodryadchisi “Enter Engineering” kompaniyasida mehnatni muhofaza qilish menejeri sifatida 8 yildan beri ishlayman, – deydi Tolibjon Hakimov. – Bu vaqt mobaynida kompaniya tomonidan ishchilarga haq to‘lash, sharoit yaratish masalalari bo‘yicha biror muammo bo‘lmagan. Ishchilar uchun kuniga 3 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim, yotoqxonalar taqdim etilgan. Hozirda 350 nafar quruvchi va 150 nafar haydovchi tashkil etilgan sharoitlardan minnatdor.
Loyiha nafaqat energetika sohasi, balki mahalliy jamoalar hayotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Ushbu AESning aynan tumanimizda qurilayotganidan biz forishliklar juda xursandmiz, – deydi Forish tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Ahmad Sayiqulov. – Ilgari birorta sanoat korxonasi yo‘q bo‘lgan tumanimizda hozir 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Bu yoshlarimizga xorijga ketmasdan, o‘z yurtida ishlash imkoniyatini berdi. AES esa yanada ko‘proq imkoniyat yaratadi, ayniqsa yoshlarimiz uchun.
[gallery-25712]
Jizzax AESi nafaqat viloyat, balki butun mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi. Uning qurilishi va ishga tushishi mamlakatimizning yangi texnologik taraqqiyotiga xizmat qiladi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA