– Tashqi ishlar vaziri Cho Txe Yol suriyalik hamkasbi Asad Al-Shayboniy bilan ikki tomonlama munosabatni rivojlantirish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Damashqqa bordi, – deb xabar berdi “Yonhap” agentligi. – Bu Janubiy Koreya tashqi siyosatidagi muhim voqea. Mamlakat endilikda Shimoliy Koreyadan tashqari BMTga a’zo barcha davlatlar bilan diplomatik aloqaga ega.
– Bu voqea Shimoliy Koreyaga yaqinligi tufayli janub bilan aloqasi uzilgan Suriya tarixida yangi sahifa ochadi, – deyilgan vazirlik bayonotida.
Muzokara chog‘ida Cho Txe Yol o‘rnatilayotgan hamkorlik Suriya taraqqiyoti va mintaqadagi barqarorlikka hissa qo‘shishiga umid bildirdi. Koreya mamlakatni qayta qurish jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z iqtisodiy o‘sish tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ta’kidladi.
Seul kompaniyalari mamlakatni qayta tiklash ishlarida qatnashishi, insonparvarlik yordami ko‘rsatishi, jumladan dori-darmon, tibbiy asbob-uskuna va guruch yetkazib berishi bilan bog‘liq imkoniyatlar ham muhokama qilindi.
Suriyalik vazir mehmon hamkasbiga tashrifi uchun minnatdorlik bildirib, yangi hamkor davlat mamlakatiga qarshi sanksiyani yumshatish jarayonini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
G.Sattorova, O‘zA