Iqtisodiy faollikda yuqori sur’at: IFI sezilarli darajada ortdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2025 yil avgust oyida 1029 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 2,9 foizga hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 30,9 foizga sezilarli darajada ortgan. Bu quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan. Ya’ni, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 7 foizga kamaygan.
Tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 14,2 foizga ortgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 0,4 foizga oshgan. Tovar belgilari bo‘yicha komponent 15 foizga kamaygan.
Ishbilarmonlik faolligi indeksi 9 ta hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Sirdaryo, Navoiy, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan. Biroq Ishbilarmonlik faolligi indeksi Xorazm, Jizzax, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Buxoro viloyatida kamaygan.
Ushbu davrda banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 045,1 mingtani tashkil etdi va 2025 yilning iyul oyiga nisbatan 456,7 ming tranzaksiyaga kamaygan.
Respublikaning 5 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Sirdaryo viloyatida o‘sish kuzatilgan.
2025 yilning avgust oyida IFIning birja komponenti 1,1422 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 14,2 foizga ortganini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 41,1 foizga va tuzilgan bitimlar soni 12,7 foizga kamayganligi bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2025 yil avgust oyida 6 635,9 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga kamaygan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2025 yil avgust oyida 1,0038 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foizga ortgan.
Barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (488 584 birlik) nisbatan 2 038 birlikka ortib, 490 622 birlikni tashkil etgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 23 taga oshgan.
Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 392 415 tadan 395 603 taga ortgan bo‘lsa, fermer xo‘jaliklari soni 92 198 tadan 91 025 tagacha kamaygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 3 994 tani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 23 taga ortgan.
Savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 0,8504 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 15 foizga kamaygan. Yuridik shaxslar tomonidan 398 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA