“Ilk rivojlanish markazi” ish boshladi
Navoiy viloyati Konimex tumanida ehtiyojmand oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim tizimiga bepul qamrab olish, ularning jamiyatga moslashishi, qobiliyatlarini rivojlantirish va kelgusida muvaffaqiyatli ta’lim olishga zamin yaratish maqsadida “Ilk rivojlanish markazi” ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 14 iyuldagi “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan марказда ikkita model asosida ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Ularning birinchisi “O‘yin guruhi” bo‘lib, unda 3-6 yoshli bolalar 3,5-4 soatlik qisqa muddatli guruhlarda ta’lim-tarbiya oladi. Kuniga ikki navbatda ishlaydigan guruhlar zarur jihoz va o‘yinchoqlar bilan ta’minlangan.

Ikkinchi “Maxsus maktabgacha ta’lim xizmati” guruhida esa 2-7 yoshli alohida ehtiyojli bolalar tarbiyalanib, bu yerda maxsus pedagoglar (tarbiyachi, logoped, psixolog) oilalarning uyiga borgan holda bola bilan 40 daqiqa ta’lim mashg‘uloti, so‘ng 20 daqiqa ota-ona bilan maslahat olib boradi. Har bir bola uchun individual dastur ishlab chiqiladi.

Bugungi kunga qadar Navoiy viloyatida 4 ta tuman va shaharda “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 600 nafarga yaqin kam ta’minlangan oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkoniyati yaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri