Buxoro viloyatidagi “Buxoro” sanatoriyasi mutaxassislari tomonidan bir oy davomida ko‘rsatilgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan so‘ng buyrak va unga yondosh kasalliklar bilan kurashib kelayotgan Mavluda Ostonova o‘zini yaxshi his eta boshladi.
Olib borilgan reabilitatsiya mashqlaridan so‘ng bemor mustaqil harakatlana olmoqda. Unga ajratilgan ijtimoiy assistent ham katta yordam bermoqda.

Hozir “Keksalar reyestri”da turuvchi besh nafar shaxsga “Buxoro” sanatoriyasi tomonidan individual dastur asosida uyda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu fuqarolar uchun assistentlar xizmatiga qo‘shimcha ravishda shifokor va hamshiralarning biriktirilishi qisqa vaqt ichida o‘z samarasini berdi.
Fuqarolarda dastlabki baholash natijasida aniqlangan ballar va yakuniy ballar o‘rtasida ijobiy farq kuzatildi. Oddiy so‘z bilan aytganda, ovqatlanish, yuvinish, kiyinish kabi zarur individual vazifalarni bajarishda keksalarda mustaqillik darajasi ortdi, yo‘qotilgan funksionallik qayta tiklanishiga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri