“Global Textile Days” loyihasi tadbirkorlarni raqobatbardoshlikka chorlaydi
Joriy yilning 9-11 sentyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Global Textile Days” loyihasi doirasida yirik sanoat tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Ushbu haftalik loyiha doirasida ikki muhim ko‘rgazma –“To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2025” 16-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi hamda “To‘qimachilik va tikishchilik sanoati - TextileExpo Uzbekistan 2025” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Tadbirlar doirasida voqealarga boy biznes dasturi ham amalga oshiriladi. UFI mustaqil auditi ma’lumotlariga ko‘ra, CAITME ko‘rgazmasi MDH davlatlaridagi shunga o‘xshash tadbirlar orasida eng yirigi hisoblanadi va ko‘lami bo‘yicha Yevroosiyo qit’asida ikkinchi o‘rinda turadi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova qayd etganidek, mazkur ko‘rgazma to‘qimachilik va tikishchilik, mashinasozlik sohasidagi jahon ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini namoyish etish uchun keng platforma hisoblanadi.
–Bu yilgi “Global Textile Days” loyihasi nafaqat to‘qimachilik va tikishchilik sanoatidagi so‘nggi ishlanmalarni namoyish etish, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga ham qaratilgani bilan ahamiyatli. Qatnashchilar uchun yaratilgan “Bayerlar dasturi” xorijiy xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini bermoqda. Biz uchun eng asosiy maqsad O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyatini jahon bozoriga kengroq tarzda tanitish va eksport hajmini oshirishdir, – dedi O.Bobojonova.
Muhimi, “Global Textile Days” to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlari sohasidagi so‘nggi trendlar va innovatsiyalar bilan tanishish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA