Falastin axborot agentligi – WAFA “O‘zbekiston mustaqil Falastin davlatini barpo etish zarurligi haqidagi qat’iy va prinsipial pozitsiyasini yana bir bor ta’kidladi” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida nutq so‘zlab, qator dolzarb mavzularga to‘xtalib o‘tgani, jumladan jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlikka, xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlaganiga e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshilikni faqat diplomatiya va tinch muzokara yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor eslatganiga urg‘u bergan.
– Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokara jarayoni albatta ijobiy natijasi beradi, – deya iqtibos keltirgan nashr mamlakatimiz yetakchisi nutqidan. – Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.
Maqolada Prezidentimiz “Jumladan, Falastin – Isroil nizosida yagona va adolatli yechim “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iborat”, deganiga urg‘u berilgan.
Shuningdek, Toshkentdagi nufuzli anjumanda Milliy Kengash vitse-prezidenti Musa Hadid boshchiligidagi delegatsiya, jumladan Falastinning O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi elchisi Javod Muhammad Avod ham ishtirok etgani qo‘shimcha qilingan.
– Butun dunyodan 200 ga yaqin делеgaция qatnashgan mazkur yirik forum – jahonning eng yirik parlament platformasida ishtirok etish Falastin davlati mavjudligini namoyish etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, – deb yozadi muallif.
Muharrama Pirmatova, O‘zA