
Oramizdagi zamondoshlar
Nagifa Nazarova mana 30 yildirki “NKMK” AJ qarashli Shimoliy kon boshqarmasi “Sharqiy” ochiq usulda qazib olish konida geologik ishlarda kon ishchisi bo‘lib ishlaydi.
Aslida kon faoliyati dastlabki bosqich burg‘ilashdan boshlanadi. Ammo Nagifa opa singari geolog ishchilar bo‘lmasa burg‘ilangan quduqlar burg‘ilanganicha qolib ketaveradi. Opa va uning jamoasi 5 metrgacha burg‘ilangan quduqlardan namunalar oladi. Shu namunalar asosida Markaziy tahlil laboratoriyasi natijalariga ko‘ra, navlar rejasi tuzilib ma’dan qazib olish ishlari bajariladi. Ba’zida karer qariga tushib maxsus idishlarga namunalar yig‘ish erkaklarga ham biroz qiyinchilik tug‘diradi. “Sharqiy” ochiq usulda qazib olish konida geologik ishlarda kon ishchisi bo‘lib ishlayotgan Nagifa Nazarova o‘z ishini uddalashda erkak sheriklaridan sira qolishmaydi.

Uchquduq tumanining Ko‘kpatas qo‘rg‘onida tug‘ilgan qahramonimiz bolaligidanoq Qizilqum kengliklaridagi qazilma boyliklarini o‘rganayotgan geologik qidiruv ekspeditsiyasi xodimlarining ishini mehr bilan kuzatar, ularga havas qilardi. Cho‘pon otasiga suruv-suruv qo‘ylarni boqishga yordam berarkan, baribir geolog bo‘lish orzusidan voz kechmadi. Maktabni tamomlagach, oliygohga o‘qishga borish uchun oilaviy imkoniyatlar yetarli emasligini bilgach, 17 yoshida “Samarqandgeologiya” Ko‘kpatas kon geologik qidiruv ekspeditsiyasiga ishga kirdi. Keyin Shimoliy kon boshqarmasi kadrlar tayyorlash bo‘limining geologik namuna teruvchi shogirdi kasbiga o‘qidi. Mana shunga ham qariyb o‘ttiz yil bo‘libdi.
– Bizning ishimiz nihoyatda aniqlik, puxtalik, tezkorlik va tajribani talab etadi, – deydi qahramonimiz. – Chunki har ikki yarim metrdan oladigan namunalarimiz bilan keyingi jarayonlarga start beriladi. Bugun bu ishlarni bir o‘zim bajarayotganim yo‘q. Yonimda 20 dan ortiq shogirdim bor. Ularga o‘z kasb sirlarimni o‘rgatib kelyapman.
Albatta, oson ishning o‘zi yo‘q. Har bir yumushning og‘iri, mashaqqati bor. Konda ishlash esa insondan katta matonat talab qiladi. Kon karerlarida ishlash haqida gap ketganda, uning zalvorli mehnati ayollar u yoqda tursin, uncha-muncha erkakni ham sergak torttiradi. Darvoqe, konchilik 20 ta xavfli kasbning biri sanaladi.
Yil – o‘n ikki oy bu yerda ish qaynaydi. Qishning qirovli kunlarida “elangan” qumlar ham muzlab qoladi. Yomg‘irli mavsumda ivib namunalar yig‘ishga to‘g‘ri keladi. Yozning jarimasida esa quyosh tandirday qizdiradi. Karerda esa pana joyni topishning hech iloji yo‘q.
Har kuni uyidan 30-40 km uzoqlikdagi ishiga borib kelarkan, Nagifa opa bularning barini og‘ir va xavfli ish deb og‘rinib emas, balki g‘ayrat va fidoyilik bilan qabul qiladi. Shukronalik keltiradi. Aslida ertalab ishga, kechqurun uyiga shoshadigan odam dunyodagi eng baxtli insondir. Chunki uni uyida tinch va xotirjam oilasi kutadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri