Atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlar maydonini kengaytirish hamda aholi uchun sog‘lom ekotizim yaratish maqsadida mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu jarayonda Energetika vazirligi ham faol ishtirok etib, respublika bo‘ylab ko‘kalamzorlashtirish tashabbuslarini amalga oshirib kelmoqda.
Ayni kunlarda Ohangaron tumanida ham “Yashil makon” bog‘i barpo etilmoqda. Bu tashabbus nafaqat hududning ko‘rkamligini oshirish, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Ana shu maqsadda kuni kecha Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Ohangaron-Olmaliq avtomobil yo‘lining 2,5 kilometr qismida 2000 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Ko‘chat ekish ishlari maxsus tayyorgarlik ko‘rilgan maydonlarda amalga oshirilib, har bir ko‘chatning yaxshi ildiz otishi uchun zarur agrotexnika choralari ko‘rildi. Loyiha doirasida mazkur hududda jami 3000 tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, natijada “Yashil makon” bog‘i barpo etiladi. Bu bog‘ nafaqat tuman aholisi, balki ushbu yo‘ldan foydalanuvchi minglab fuqarolar uchun ham sof havo va tabiiy go‘zallik manbaiga aylanadi.
Shu bilan birga, ko‘chat ekish jarayonlariga yoshlar va faollar ham jalb etildi. Bu esa jamoatchilikning tabiatni asrash va ekologiyani muhofaza qilishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirdi.

Energetika vazirligi tizimida respublika hududlari bo‘ylab obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, vazirlikka qarashli tashkilotlar har yili minglab ko‘chatlar ekish, ishchi hududlarda yashil maydonlar yaratish hamda mavjud daraxtzorlarni parvarishlash bo‘yicha maqsadli dasturlar asosida ish olib bormoqda.
Aytish kerakki, bu kabi tadbirlar mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va aholining hayot sifatini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA