
4 aprel kuni Samarqand xalqaro turizm majmuasidagi xalqaro kongress markazida boshlangan birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi 5 aprel kuni mintaqa davlatlari uchun muhim mavzularni o‘z ichiga olgan sessiyalarda ishini davom ettirdi.
Jumladan, “Markaziy Osiyo uch tomonlama sayyora inqirozi qarshisida” mavzusidagi panel muhokamasida iqlim o‘zgarishining ekotizimlarga ta’sirini yumshatish bo‘yicha strategiyalar, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlar va yashash joylarini saqlash siyosati, havo, suv va tuproq ifloslanishining ekotizimlarga salbiy ta’sirining oldini olish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, muhofaza etiladigan hududlarni tashkil etish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro shartnomalar va boshqa masalalar haqida so‘z bordi.
Mazkur masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charigeldi Babaniyazov, Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev, Mo‘g‘uliston atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri Saldan Odontuya, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori yordamchisi, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Viorel Gutu o‘z fikrlarini bildirdi.
[gallery-22664]
O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning qayd etishicha, uch tomonlama sayyora inqirozini hal qilishning asosiy strategiyasi transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlar va hududiy tabiatni muhofaza qilish dasturlarini yaratishdir. Biologik xilma-xillikni saqlash, ifloslanishni bartaraf etish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish ekotizimlarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydi, tirikchilik vositalarini himoya qiladi va butun mintaqada iqtisodiy barqarorlikni oshiradi.
Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda shu yilning may oyida Dushanbe shahrida muzliklarni saqlash bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazilishi va unda mintaqa davlatlarining mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish masalasi ko‘rib chiqilishi haqida ma’lum qildi.
– Tojikiston Respublikasi tashabbusi bilan BMT tomonidan 2025 yil “Muzliklarni asrash yili” deb e’lon qilingan. Bugun dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishlari kuzatilib, havo harorati oshib borayotgan paytda bu bejiz emas. Chunki bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo xalqlari hayotiga, oziq-ovqat xavfsizligiga daxldor masala, – dedi Bahodur Sheralizoda.
Muhokama jarayonda Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi, ifloslanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi tahdidi ostida bo‘lgan noyob ekotizimlar hududi ekanligi qayd etildi. Suv ta’minoti uchun muhim bo‘lgan muzliklarning erishi qishloq xo‘jaligi va energiya ishlab chiqarishga tahdid solayotgani ta’kidlanib, mavjud muammolarga qarshi birgalikda kurashishga kelishib olindi.
“Yoshlar: kelajakka optimizm bilan qaraymiz” mavzusidasi sessiyada mintaqa davlatlari atrof-muhit vazirlari, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Avstriyadan kelgan yosh eko-faollar ishtirok etdi.
Mazkur panelda sakkiz mamlakat yoshlari mumkin bo‘lgan yechimlar va ularning iqlimni boshqarishga qo‘shgan hissasini atrof-muhit vazirlari bilan muhokama qildilar. Muloqotda Barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro strategiya va “COP-29”da tashkil etilgan Xalqaro maslahat qo‘mitasi, iqlim kun tartibini shakllantirishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Sessiyada 2025 yilgi harakatlar rejasiga muvofiq “Barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish va bolalar hamda yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiya”ni amalga oshirish, jumladan, ekologiya vazirliklarida, shuningdek, global UNFCCC jarayonlarida yoshlarning muntazam ishtirok etishi uchun barqaror platformalarni yaratish, sakkizta ishtirokchi mamlakatda yoshlarning ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olgan holda iqlim bo‘yicha milliy majburiyatlarni shakllantirish va amalga oshirish, iqlim va iqtisodiy siyosatning inklyuzivligini ta’minlash kabi tashabbuslar ilgari surildi.
“Barqaror shaharlar va iqlim muammolari: kompleks rejalashtirish va boshqaruv”, “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish” nomli sessiyalarda ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun ustuvor va muhim bo‘lgan masalalar soha mas’ullari va mahalliy mutaxassislar, xalqaro ekspertlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari