Ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi doirasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda yuksak ekologik madaniyatni qaror toptirishga qaratilgan muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi. Unda belgilab berilgan vazifalar, maqsadlar keskinlashib borayotgan turli ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining tabiatga, atrofga daxldorligini, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axborotlari eshitildi.

Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, ekologiya sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha qabul kvotalarini 30 foizga oshirish, shuningdek, doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun hududlar kesimida qo‘shimcha kvotalar ajratish amaliyotini yo‘lga qo‘yish doirasida 2026 yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari mavjud 24 ta ta’lim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlardan ekologiya sohasi bo‘yicha 99 ta kvota talabnomalari qabul qilingan.
Vazirlik tomonidan oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga 2025 yil uchun ekologiya sohasi bo‘yicha 66 ta kvota ajratilgan.
Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiyani 2025-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan ham qator amaliy ishlar olib borilgani ma’lum qilindi.

Xususan, "yo‘l xaritasi"da belgilangan respublika va mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun 2025 yildagi eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan. Ushbu qarorlarga muvofiq, 31 ta tashkilot rahbarlari bo‘yicha jami 63 ta ko‘rsatkich tasdiqlangan bo‘lib, ular energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularni tejash hamda tabiiy resurslarni muhofaza qilish yo‘nalishlarini qamrab olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan samaradorlik.uz platformasi orqali mazkur tashkilotlar faoliyatini ushbu ko‘rsatkichlar asosida baholab borish yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda ta’lim tizimining ekologik barqaror rivojlanishdagi roli ham alohida qayd etildi. Yoshlar orasida ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirish, amaliyotga yo‘naltirilgan ekologik bilimlarni singdirish, shuningdek, pedagoglarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish orqali jamiyatda ekologik madaniyatni keng targ‘ib etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Joriy yilda 73 ta akademik litsey va 598 ta texnikumda tahsil olayotgan 80 mingga yaqin o‘quvchida ekologik madaniyatni yuksaltirish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi hamda Kinematografiya agentligi tomonidan bolalarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash va ekologik madaniyatini yuksaltirish maqsadida olib borilayotgan ishlar holati to‘g‘risida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Bolajonlar uchun mo‘ljallangan multfilmlarni tayyorlash, mazmunan boyitish va ta’sirchanligini oshirish borasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining ekologik bilimlarini yanada yuksaltirish, bu borada huquqiy bazani mustahkamlash va davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA